08:56 / 06.10.2015
4338

So‘rovnoma: 72 foiz respondentlar O‘zbekistonda sayyohlar uchun maqbul narxlar mavjudligini ta'kidlab o‘tdilar

2014 yilning oxirida BMT Butunjahon sayyohlik tashkilotining "Ipak yo‘li merosi yo‘laklari" loyihasi doirasida ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazilib, "O‘zbekiston sayyohlar nigohida. O‘zbekistonga tashrif buyurganlar o‘rtasida 2014 yilning iqtisodiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari" deb nomlangan nashr chop etildi.

Tadqiqot "O‘zbekturizm" MK va YuNeSKO bilan hamkorlikda tashkil etildi.

So‘rovnoma "Toshkent" xalqaro aeroporti, "G‘ishtko‘prik" va "Olot" nazorat-o‘tkazish punktlari, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva mehmonxonalari front-ofislarida o‘tkazilib, u Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Urganch davlat universiteti va Buxoro universiteti ko‘magida amalga oshirildi.

So‘rovnomaga ko‘ra, O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijliklar soni ortgan. 2009 yilda sayyohlar soni 1,2 mln kishini tashkil qilgan bo‘lsa, 2013 yilda bu ko‘rsatkich 2 mln kishiga yetgan.

Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, O‘zbekistonga ko‘proq Rossiya, Turkiya, Hindiston, Germaniya va Koreya fuqarolari tashrif buyurar ekan.

72 foiz so‘ralganlar O‘zbekistonda hamyonbop narxlarni ta'kidlab o‘tishdi.

Ko‘pchilik sayyohlar tarixiy joylarga ekskursiyalar vaqtida turli suvenir mahsulotlari, xalq-amaliy san'ati va hunarmandchilik buyumlari xarid qilishlarini ta'kidlab o‘tdilar.

77 foiz so‘ralganlar O‘zbekistonga tashrif buyurishlariga YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan madaniy-tarixiy obektlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish istagi ta'sir qilganini aytishgan.

O‘zbekistonga sayohatlarning davomiyligi o‘rtacha 10 kunni tashkil qiladi. Ko‘pchilik sayyohlar Toshkent, Samarqand va Buxoroda o‘z vaqtlarini o‘tkazadilar.
Ko‘pchilik so‘ralganlar xizmat ko‘rsatishning yuqori darajasi, qulay yashash sharoitlari, rivojlangan transport infratuzilmasini qayd qilib o‘tdilar.

83 foiz so‘ralganlar O‘zbekistonga sayyohat qilish xavfsiz ekanini va ulardan 76 foizi o‘z tanishlariga O‘zbekistonga kelishni tavsiya qilishlarini aytib o‘tishgan.

So‘ralganlarning 89 foizi o‘zbek mehmondo‘stligini qayd qilib o‘tishgan.

Top