12:12 / 06.10.2015
4592

ZTE kompaniyasi ICTEXPO 2015 ko‘rgazmasida o‘z texnologiyalarini taqdim etdi

Xitoyning ZTE korporatsiyasi Toshkentda 14 sentabrdan 18 sentabrgacha bo‘lib o‘tgan “ICTWEEK Uzbekistan 2015” axborot kommunikatsiya texnologiyalari haftaligida ishtirok etdi.

“ICTWEEK Uzbekistan 2015” haftaligi – zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni namoyish etish, ushbu yo‘nalishda tajriba almashish va ishbilarmonlar o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazish uchun o‘ziga xos maydon hisoblanadi. “ICTWEEK Uzbekistan 2015” anjumani har yili an'anaviy ravishda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida o‘tkaziladi.

ZTE korporatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi “ICTWEEK Uzbekistan 2015” haftaligi, xususan, ICTEXPO 2015 ko‘rgazmasida faol ishtirok etdi.

Ko‘rgazma 2015 yilning 15 sentabridan 17 sentabriga qadar o‘tkazildi. Uning birinchi kunida ishtirokchilarning stendlarini davlat organlarining rasmiylari ham kelib ko‘rishdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Xurshid Mirzoxidov ko‘rgazma eksponatlari bilan tanishdi.

Shunisi e'tiborliki, kompaniya turli sohalarda o‘z yechimlarini taqdim etdi. Masalan, Xitoy korporatsiyasi interfaol IP televideniye, UniRAN, Pre 5G, IPRAN, PowerMaster, Ethernet cabling, NetView, vEPC, MSAG/GPON va boshqa yo‘nalishlarda o‘z ishlanmalarini namoyish etdi.

Xususan, DMR standartidagi PH500, PH520 va PH790 kabi ixcham radiouzatish uskunalari ko‘rgazmaga kelganlar hamda xususiy va davlat kompaniyalari vakillarining katta qiziqishini uyg‘otdi.

Ko‘rgazma doirasida Xitoyning ZTE korporatsiyasi UZTE mahalliy brendi bilan birga ko‘pchilikning e'tiborini tortgan mobil telefonlarni taqdim etdi.

ZTE korporatsiyasi, kompaniya menejyerlari va mutaxassislari ko‘rgazmaga tashrif buyurgan soha vakillari va o‘zlarining bo‘lg‘usi mijozlarining diqqatini jalb qila olganliklaridan umidvor.

ZTE — telekommunikatsion asbob-uskunalar va uyali telefonlarni yetkazib beruvchi jahonda yetakchi shirkatlardan biri hisoblanadi. ZTE tomonidan simli va simsiz aloqa, mobil va fiksatsiyalangan terminallar bozorining deyarli har bir yo‘nalishida turli-tuman yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Bugungi kunda jahonning ko‘plab mamlakatlarida ZTE vakolatxonalari va tadqiqot markazlari joylashgan bo‘lib, ularda 10 minglab insonlar mehnat qiladi. Kompaniya 140ta mamlakatga asbob-uskunalar va xizmatlarni yetkazib beradi va Osiyo-Tinch okeani, Janubiy Osiyo, Shimoliy Amerika, Yevropa, Lotin Amerikasi, Afrika va MDHdagi 500dan ortiq aloqa operatorlariga xizmat ko‘rsatadi.

Xususan, ayni damda ZTE shirkati iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun 50dan ortiq yechimlarni taklif qilmoqda. Xitoy kompaniyasi, shuningdek, iste'molchilar uchun mo‘ljallangan mahsulotlar – telefonlardan tortib smartfon va planshetlargacha ishlab chiqaradi. Bu mahsulotlarni O‘zbekiston bozorida bemalol sotib olish mumkin. ZTE smartfonlarining asosiy dasturiy platformasi – OS Android hisoblanadi.

ZTE sho‘'ba korxonasi O‘zbekiston Respublikasida 10 yildan ortiq vaqt mobaynida o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda. Bu davr mobaynida kompaniya O‘zbekistonda telekommunikatsiya sohasi rivojiga ulkan hissa qo‘shib, ilg‘or kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini, mahalliy aholi uchun ish joylarini taqdim etib, insonlarning kommunikatsiya texnologiyalari haqidagi bilimlarini oshirib kelmoqda.

O‘zbekiston telekommunikatsion operatorlari – Beeline, Ucell, “O‘zbektelekom” AK va boshqalar mazkur kompaniyaning asbob-uskunalaridan foydalanadilar. 2013 yilning iyulida ZTE O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatida uyali telefonlar va ular uchun mo‘ljallangan aksessuarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha korxonani ishga tushirdi. Hozirda korxona smartfonlarninin oltita modelini ishlab chiqarmoqda.

Reklama huquqi asosida

Top