10:11 / 07.10.2015
12741

Jahon mamlakatlarida “o‘lim sifati” reytingi - 2015

Economist Intelligence Unit (EIU) tomonidan tayyorlangan o‘lim sifati reytingida 80 ta mamlakat ishtirok etdi. Buyuk Britaniya, Avstraliya va Yangi Zelandiya o‘zgarmas yetakchilar sifatida qayd etildi, Xitoy esa ro‘yxatning so‘nggi o‘rinlaridan joy egalladi. 

O‘lim sifati indeksi yoshi katta va og‘ir kasallikka chalingan odamlarga umrlarining so‘ngida g‘amxo‘rlik qilish darajasi va sifatini o‘lchaydi. Mazkur loyiha tashabbuskori bo‘lgan The Lien Foundation tashkiloti vakillarining so‘zlariga qaraganda, hozirgi kunga qadar jahon mamlakatlari orasida qari va o‘lim ostonasidagi insonlar uchun qulay sharoitga ega, namunali deya ko‘rsatish mumkin bo‘lganlari mavjud emas.

O‘lim sifati EIU tomonidan “umrning so‘nggiga qadar yaxshi hayot kechirish” uchun sharoitlar mavjudligi deya tushuniladi: ko‘p hollarda bu ko‘rsatkich palliativ tibbiyotning rivojlanganligi bilan bog‘liq. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan berilgan ta'rifga ko‘ra, palliativ yordam hayot sifatini yaxshilash, kasalliklarni oldindan aniqlash va o‘lim tashxisi qo‘yilgan bemorlarning fiziologik va psixologik jihatdan aziyat chekishlarining oldini olish bilan bog‘liq.

Indeksni hisoblashda beshta kategoriyaga tegishli 20 ta ko‘rsatkich ko‘rib chiqilgan va ularga turli miqdor belgilangan: palliativ tibbiyot va salomatlik (20 foiz), odam resurslari (20 foiz), yordam olish imkoniyati (20 foiz), yordam sifati (30 foiz) va jamiyatning jalb etilganligi, shuningdek ko‘ngillilar va oilalar (10 foiz).

Yevropa va Osiyo

Reyting yetakchisi Buyuk Britaniyada o‘lim sifati indeksi 93,9 ga teng. Mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan Avstraliya va Yangi Zelandiyada esa bu ko‘rsatkich 91,6 va 87,6 ni tashkil etadi. Reytingning keyingi o‘rinlarini Irlandiya (85,8) va Belgiya (84,5) egalladi. Reytingning katta qismi badavlat Yevropa mamlakatlari tomonidan taqdim etilgan, birinchi o‘ntalikda Tayvan (oltinchi o‘rin), AQSh (to‘qqizinchi o‘rin) ham bor. Kanada esa 11-o‘ringa mos deb topilgan.

Mualliflar indeksni hisoblash uslubi 2010 yildagiga qaraganda o‘zgarganligi, ikki tadqiqotni butkul taqqoslash mumkin emasligini qayd etishlariga qaramay, yetakchilar uchligi saqlanib qolgan.

To‘rtta Osiyo mamlakatlari top-20 dan joy egallagan: Tayvanni hisobga olmaganda, bular Singapur (12-o‘rin), Yaponiya (14) va Janubiy Koreya (18). Mualliflarning fikriga ko‘ra, bu mamlakatlar uchun muammoni hal etishda hukumatning jalb etilganligi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Masalan, Yaponiyada saraton bilan kasallanishni nazoratga olish bo‘yicha yangi dastur ishga tushirilgan. Unga ko‘ra, kasallikning dastlabki bosqichlarida palliativ yordamga katta e'tibor qaratiladi shuningdek palliativ tibbiyot markazlari milliy byudjyetga kiritilgan. Singapur ham palliativ yordam ko‘rsatish milliy strategiyasini ishlab chiqdi.

Palliativ tibbiyotda davlat qo‘llab-quvvatlashining yuqori darajasiga ega bo‘lgan mamlakatlardan tashqari reytingda sog‘liqni saqlash tizimi u qadar yaxshi rivojlanmagan, boy bo‘lmagan mamlakatlar ham bor. Misol uchun, Mo‘g‘ulistonda (28-o‘rin) palliativ tibbiyot tizimining rivojlanishi mahalliy shifokori Odontuya Davaasuren shaxsi bilan bog‘liq. Shifokor mutaxassislarni palliativ tibbiyot bo‘yicha o‘qitish, generik opioidlarni belgilashni muvofiqlashtirishni o‘zgartirish, shifokor, tibbiyot xodimlari va ijtimoiy ishchilar o‘quv dasturlariga muvofiq fanlarni kiritilishi yo‘li bilan mazkur tizimni yaratishga yordam beryapti.

BRIKS mamlakatlari o‘rtasidagi tafovut ham katta bo‘ldi. Ulkan o‘sish tufayli yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan Xitoy va Hindiston reytingning bor-yo‘g‘i 71 va 67-o‘rinlardan joy egalladilar. JAR reytingning 34-o‘rini, Braziliya esa 42-o‘rinida joylashtirildi.

Daromad, chiqim, talab va taklif

EIU materiallarida keltirilishicha, palliativ tibbiyot rivojlanishi darajasi kishi jon boshiga o‘lchanadigan daromadga bog‘liq. Shunga qaramay, daromadi kishi jon boshiga yuqori bo‘lgan barcha mamlakatlar ham yaxshi natija ko‘rsatishmadi: masalan, Gretsiya (56-o‘rin) va Rossiya (48-o‘rin) iqtisodiy muammolarga duch kelganligi bois ro‘yxatning oxiridan joy egallaganlar. 

EIU eksperlari tadqiqotning so‘nggida ro‘yxatga kirgan mamlkatlardagi palliativ yordamga bo‘lgan talab (yuqori yoki past) va ushbu xizmatlarning taklifi (yetarli yoki yetarli emasligi)ni ham o‘rgandilar. Rossiya palliativ yordam ko‘rsatilishi bo‘yicha past darajadagi talab guruhiga kirdi.

Top