11:42 / 07.10.2015
5043

OAV: YeI yuz minglab noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilishga tayyorlanmoqda

Bir necha hafta ichida qochqin maqomini berish rad etilgan yuz minglab muhojirlar Yevropadan chiqarib yuboriladi. Bu haqda 7 oktabr kuni Times gazetasi o‘zidagi qaror hujjatlariga asoslanib xabar qildi.
Times gazetasi ma'lumotlariga ko‘ra, Bryussel Niger va Eritreya singari mamlakatlarga o‘z iqtisodiy muhojirlarini qayta qabul qilib olishdan bosh tortsa, yordam ko‘rsatishni to‘xtatish, savdo shartnomalari va viza kelishuvlarini bekor qilish bilan tahdid solmoqda.

Nashrning qayd etishicha, Afg‘oniston, Liviya va Suriya davlatlari fuqarolari ham deportatsiya qilinishi mumkin.
Xabarlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi hududiga 2015 yilning birinchi yarmida kirib kelgan 400 mingdan ziyod muhojirga qochqin maqomini berish rad etilgan.
Shengen hududiga kirmagan Britaniya muhojirlarni deportatsiya qilish jarayonida ishtirok etmaydi, biroq britan TIV rahbari Tereza Meyning mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga moyil ekani aytilmoqda.

U, ayniqsa muhojirlar qirollikka yo‘l oladigan Fransiyaning Kale shahridagi qochqinlar lagerining tozalanishidan manfaatdor. “Muhojirlarning ortga qaytarilishi” rejasiga muvofiq, Yevropa Kengashining tashqi chegaralar xavfsizligi bo‘yicha Frontex agentligi mazkur jarayonni to‘liq o‘z zimmasiga oladi.

Noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish bo‘yicha xalqaro huquqiy me'yorlarga rioya qilmagan davlatlar esa Yevrokengash tomonidan jarimaga tortiladi.
Frontex agentligining so‘zlariga ko‘ra, 2015 yil avvalidan buyon Yevrokengash hududiga 630 ming noqonuniy muhojir kirib kelgan.

Top