22:49 / 07.10.2015
12086

Suriya mojarosi: 7 oktabr kuni Yaqin Sharq mintaqasiga bog‘liq holda sodir bo‘lgan muhim voqealar

30 sentabr kuni Rossiya Suriya hududida IShID jangarilariga qarshi harbiy amaliyotlar o‘tkazishga kirishgach, mintaqadagi vaziyat va kuchlar muvozanati o‘zgardi. Oktyabr oyida bu hudud bo‘yicha yanada ko‘plab siyosiy yurishlar amalga oshirilmoqda va matbuot yangidan yangi voqealar haqida bong urmoqda.
Quyida bugun "Suriya mojarosi" bo‘yicha yuz bergan eng muhim yangiliklarni takroran havola qilamiz.

Rossiya Mudofaa vazirligi: IShID Suriyada Rossiya aviatsiyasiga bo‘hton ag‘darish uchun masjidlarni portlatishi mumkin>>

Rossiya Mudofaa vazirligining rasmiy vakili Igor Konashenkov vazirlik IShID jangarilari Palmira va Suriyaning boshqa joylarida Rossiya aviatsiyasini ayblash maqsadida masjidlarni portlatishi ehtimoli mavjudligini istisno qilmayotganini ma'lum qildi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bermoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi: IShID jangarilari qurol-aslahalarni Suriyaning aholi yashaydigan dahalariga ko‘chirmoqda>>

IShID terrorchilari Suriya shaharlarining aholi yashaydigan dahalariga qurol-aslahalarni ko‘chirishga harakat qilmoqda, deb xabar bermoqda Rossiya Mudofaa vazirligi.  

Oq Uy: Suriyadagi vaziyat AQSh va Rossiya o‘rtasidagi bilvosita urushga aylanmaydi>>

Oq Uyning rasmiy vakili Josh Ernest Suriyadagi ixtilof AQSh va Rossiya o‘rtasidagi qarama-qarshilikka aylanmasligini ta'kidladi. Bu haqda RIA Novosti agentligi xabar bermoqda.

Reuters: Sulaymoniy Rossiyaning Suriyadagi operatsiyasida asosiy o‘rin tutmoqda>>

Eronlik general, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tarkibidagi “Kods” bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyning 2015 yil iyulida Moskvaga tashrif buyurishi Rossiya tomonidan Suriyada operatsiya o‘tkazish rejalarining yaratilishiga zamin bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda. 

OAV: Suriyada qo‘rqmagan g‘alaba qiladi>>

AQSh prezidenti Barak Obama Suriya ixtilofidagi ishtirokini faollashtirishdan qochayotgan bir paytda Rossiya yetakchisi Vladimir Putin vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirishga intilmoqda. Shunday ekan, The Weekly Standart nashrining fikricha, bu jangda eng jasur g‘alaba qozonadi.

FT: Rossiya va AQSh Suriyada o‘zlarini aqlsiz tutmoqda>>

Vladimir Putin Suriyada harbiy kampaniya o‘tkazib, shu yo‘l bilan o‘zining Yaqin Sharqdagi o‘rnini mustahkamlamoqchi, deb hisoblaydi The Financial Times nashri.
Shu bilan birga, kolumnistning fikriga ko‘ra, yaqinda Rossiya yetakchisi AQSh allaqachon tushunib yetgan narsani anglaydi: g‘alaba nisbiy tushunchadir.

Shoygu: To‘rtta Rossiya kemasidan Suriyadagi IShID nishonlariga raketa zarbalari berildi>>

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Kaspiy dengizi havzasida joylashgan 4ta Rossiya harbiy kemasidan Suriyadagi IShID nishonlariga qarata 26ta raketa uchirilganini ma'lum qildi. Bu haqda RIA “Novosti xabar berdi.

Dovudo‘g‘li: Rossiyaning Suriyadagi 57 zarbasidan faqat 2tasi IShIDni nishonga olgan edi>>

Turkiya bosh vaziri Ahmat Dovudo‘g‘lining bayonotiga ko‘ra, Rossiyaning Suriyadagi 57 zarbasidan faqat 2tasi IShIDni nishonga olgan edi, qolganlari esa muxolifat pozitsiyalariga berilgan. Uning so‘zlarini RIA Novosti keltirmoqda.

Suriya armiyasi Rossiya aviatsiya ko‘magida IShIDga hujum qiladi>>

Reuters agentligi Suriya huquq himoyachilariga ishongan holda Suriya armiyasi va Damashqqa sodiq ko‘ngilli kuchlar radikallarga qarshi yer usti operatsiyasini hozirlayotganini ma'lum qildi. Bu Rossiya operatsiya boshlaganidan buyon Suriya armiyasining birinchi yirik yer usti operatsiyasi bo‘ladi.

Putin: AQSh Rossiyaga IShID koordinatalarini berishi lozim>>

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh mudofaa vazirligiga IShIDning pozitsiyalari xususida ma'lumot taqdim etishi lozimligini aytib o‘tdi. Bu haqda RIA Novosti yozmoqda.

AQSh boshchiligidagi koalitsiya asosan IShIDning Iroqdagi bazalariga zarba bermoqda>>

Reyter nashrida yozilishicha, AQSh va ittifoqchilar koalitsiyasi asosan IShIDning Iroqdagi bazalariga zarba bermoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi Suriyada "IShID" pozitsiyalariga Rossiya kemalaridan zarba berilgani videosini chop etdi>>

Rossiya Mudofaa vazirligi Suriyada "IShID" jangarilari pozitsiyalariga Rossiyaning Kaspiy flotiga tegishli harbiy kemalardan qanotli raketalar bilan zarba berilgani tasvirlangan videoni chop etdi.

Sergey Shoygu: Rossiya aviatsiyasi Suriyadagi operatsiya boshidan beri "IShID"ning 112 ta obektiga zarba berdi>>

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bugungi kungacha rossiyalik harbiylar Suriyadagi harbiy operatsiya boshlanganidan beri "IShID"ning 112 ta obektiga zarba berganlarini ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.

Pentagon: AQSh Rossiya bilan faqat uning Suriyadagi strategiyasi o‘zgarganidan so‘ng hamkorlik qila boshlaydi>>

Rossiya Suriyada “yanglish strategiyasi”ni davom ettirar ekan, AQSh u bilan hamkorlik qilmaydi. Bu haqda AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter bayonot berdi.

Top