16:42 / 08.10.2015
6360

Ekspert: “O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari mintaqa xavfsizligida hal qiluvchi ahamiyatga ega”

O‘zbekistonlik ekspert, “Siyosat” axborot-tahlil markazi direktori Shuhrat Oripov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi munosabati bilan o‘zbek-turkman munosabatlari bo‘yicha fikr bildirib, 2007 yilda imzolangan Do‘stona munosabatlar va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi davlatlararo shartnoma ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi do‘stona va samarali muloqotlari, xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarning doimiy tus olishini ta'minlayotganligini ta'kidladi.

- Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida manfaatlar va mafkuralar kurashi tobora avj olib bormoqda, - dedi Sh.Oripov. - Shunday murakkab vaziyatda mintaqa davlatlarining bir-biri bilan o‘zaro tushunish, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik asosida yaqin hamkorlik qilishi millatidan, dinidan, fuqaroligidan qati nazar mintaqa xalqlarining umumiy manfaatlariga to‘la mos keladigan siyosatdir. Aynan shu ma'noda O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarida kuzatilayotgan konstruktiv muloqot va o‘zaro anglashuv muhiti alohida e'tirofga loyiqdir. Chunki, O‘zbekiston va Turkmaniston munosabatlari Markaziy Osiyo xavfsizligi tizimining uzviy bo‘g‘ini, ta'bir joiz bo‘lsa, hal qiluvchi omillaridan biri hisoblanadi.

Ekspertning ta'kidlashicha, mintaqaviy va global xususiyatga ega bo‘lgan qator masalalarda O‘zbekiston va Turkmanistonning nuqtai nazarlari, yondoshuvlari mos yoki o‘xshash. Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta'minlash va mustahkamlash, xususan, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ham ikki davlat o‘rtasida umumiy yondoshuv mavjud. Har ikki mamlakat afg‘on diyorida muhim infratuzilma obektlarini qayta tiklashga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ikki davlat Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasida ham yagona yondoshuvga ega.

O‘zbekiston va Turkmanistonning milliy manfaatlarga asoslanib yuritayotgan tashqi siyosatida ham mushtarak jihatlar talaygina. 2012 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasida mamlakatning turli harbiy-siyosiy blok va alyanslardan uzoq bo‘lishi; o‘z hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligi; mafkuraviy tamoyillar sababli ro‘y berayotgan turli to‘qnashuvlarda, qo‘shni davlatlar va hududlar bilan chegaralardagi qurolli mojarolar va keskinlik o‘choqlarida ishtirok etmasligi haqidagi prinsiplar belgilab qo‘yilgan.

Bu yil BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan maxsus Rezolyutsiyaga muvofiq, Turkmaniston doimiy betarafligi huquqiy maqomi xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinganligiga 20 yil to‘ladi. Betaraf davlat maqomiga ega bo‘lgan Turkmaniston siyosiy, iqtisodiy, harbiy ittifoq va bloklarga kirmaslik, ommaviy qirg‘in qurolidan voz kechish kabi majburiyatlarni olgan edi. Xalqaro harbiy va harbiy-siyosiy guruhlar hamda bloklarda ishtirok etishdan to‘liq voz kechish Turkmanistonga mintaqa va dunyoda qarama-qarshilikning biror-bir shakllariga jalb etilmaslik va bunda o‘z xavfsizligi kafolatlarini saqlab qolish imkonini berdi.

O‘zbekiston betaraf Turkmanistonning tashqi siyosat prinsiplarini va siyosiy kursini, uning global va mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizmga qarshi kurashish, iqtisodiy integratsiya va mintaqamiz mamlakatlari taraqqiyotiga yo‘naltirilgan xalqaro tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

“Prezident Islom Karimov taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi ikki mamlakat aloqalarining yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishida va rivojlanishida yangi ufqlarni ochadi. Tashrif doirasida imzolanadigan qator muhim hujjatlar ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy-shartnomaviy asoslarini kengaytirgani holda, qadimdan yaxshi qo‘shnichilik, qon-qardoshlik asosida yelkama-yelka yashab kelgan xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy va madaniy yaqinlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, - dedi Shuhrat Oripov.

Top