07:44 / 08.10.2015
6219

IShID o‘z qabihliklarini targ‘ibot qilishda Telegram messenjeridan foydalanmoqda

IShID terrorchilik guruhi Telegram messenjerining mobil versiyasidan targ‘ibot materiallari va videoroliklarini tarqatishda foydalanmoqda, deb ma'lum qilmoqda OAVlar.

Ma'lumotlarga ko‘ra, jangarilar ekstremistik audioyozuv, fotosurat va videoroliklarni cheklanmagan miqdordagi obunachilar va har bir xabarni ko‘rish uchun cheklanmagan hisoblagichga ega ochiq chatlar – Telegram Channels orqali joylashtirmoqda. Terrorchilik guruhi IShIDning tvitter-akkauntlari Twitter xizmati ma'muriyati tomonidan muntazam to‘silayotgani sababli o‘z yangiliklarini Telegram’da chop eta boshladi.

Jangarilar, shuningdek, Telegram’dan o‘z terrorchilik harakatlarini muvofiqlashtirish uchun foydalanadi. Shu tariqa, Angliya va Avstraliyada Melburnda urush faxriylari sharafiga har yili an'anaviy tarzda o‘tkaziladigan paradda terakt amalga oshirmoqchi bo‘lgan ikki yigit qo‘lga olingan. Messenjer asoschisi Pavel Durovning aytishicha, agar bu yoshlarda Telegram bo‘lmaganda ular aloqa qilishning boshqa yo‘lini topgan bo‘lardilar.

Avvalroq Checheniston prezidenti Ramzon Qodirov respublika maxsus xizmatlari IShIDning internetdagi, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi yollovchilariga qarshi kurash olib borayotganlarini aytgan edi. Uning aytishicha, bu ishga Suriya va Misr universitetlarida ta'lim olgan eng kuchli musulmon mutaxassislari jalb qilinmoqda.

"Ular soatlab terrorchilarning yo‘nalishlari dinga ham, Qur'onga ham, sunnat amallariga ham to‘g‘ri kelmasligini isbotlay oladilar. Shuning uchun biz ijtimoiy tarmoqlarda terrorchilarning saytlarida, kanallarida faol ishlamoqdamiz va ularning ma'ruzalarida ularga nohaq ekanliklarini, ular qilayotgan vahshiyliklar Qur'onda yo‘qligi va hech qachon bo‘lmaganini isbotlaymiz", deb ta'kidlab o‘tdi Ramzon Qodirov.

Top