17:05 / 08.10.2015
6473

Qozoq xonligining 550 yilligi nishonlanmoqda

Bugun, 8 oktabr kuni, Qozog‘istonning Taroz shahrida Qozoq xonligining 550 yilligi nishonlanmoqda. Tadbirlarga qariyib bir yil mobaynida tayyorgarlik ko‘rildi. Birinchi qozoq davlatining yubileyini keng miqyosda nishonlash uchun ko‘plab tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, tarixiy yodgorlikning kattakon maketlari yaratildi.

Yubiley munosabati bilan qozog‘istonlik baykerlar Qozog‘istonni mototsiklda aylanib chiqish aksiyasini boshlashgan edi. 45 kun davom etgan mototur yakunida, aynan bugun baykerlar Taroz shahriga kirib kelishdi. So‘ng ular butun respublikadan to‘plangan yoshlar bilan birgalikda “Biz Buyuk dasht vorislarimiz” nomli aksiyada ishtirok etishdi.
Tadbir dasturida konsertlar ham ko‘zda tutilgan edi.

Ma'lumot uchun, 1465 yilda O‘zbek xonligi hukmdori Abulxayrxon siyosatidan norozi bo‘lgan ikki chingiziy shahzoda – Kerayxon va Jonibek sultonlar to‘rt qabila vakillari bilan birgalikda Mo‘g‘uliston hududiga ko‘chib ketishadi. Ular Jo‘ji ulusida qolgan qardoshlari tomonidan “qozoq” deb atala boshlaydi – u payti “darbadar” ma'nosidagi bu so‘z taxt uchun kurashib, boshqa hududlarda yurgan shahzodalarga nisbatan qo‘llanar edi.

1468 yilda, Abulxayrxonning vafotidan so‘ng, kuch to‘plab olgan shahzodalar bu yerga qaytib kelib, hokimiyatni uning avlodlaridan tortib oladi. Mana shu voqealar keyingi zamon tarixchiligida “Qozoq xonligi” deb atalgan ko‘chmanchi tuzilmaning tashkil topishiga zamin yaratdi.

Top