09:22 / 09.10.2015
3783

O‘zbekistonlik 4 nafar bokschi JCh chorak finaliga chiqdi

Qatar poytaxti Doha shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida 8 oktabr kuni ringga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik 5 nafar bokschidan to‘rt nafari navbatdagi g‘alabalarni qo‘lga kiritib, chorak final yo‘llanmasiga ega bo‘lishdi.

Dastlab Murodjon Axmadaliyev (-56 kg) ushbu vazn toifasida birinchi raqamda saralangan qozog‘istonlik Qayrat Yeraliyevni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

Shundan keyin, Fazliddin G‘oipnazarov (-64 kg) mezbonlar vakilini birinchi raunddayoq nokautga uchratdi. Bektemir Meliqo‘ziyev fransiyalik Kristian Assomodan 2:1 hisobida ustun keldi. Yuqori vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Rustam To‘laganov ham Yangi Zelandiya vakili Devid Niik ustidan 3:0 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Kecha bo‘lib o‘tgan bahslarda faqatgina Hasanboy Do‘stmatov ozarbayjonlik Rufat Xuseynovga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Shu tariqa, jahon chempionatiga yo‘l olgan 9 nafar charm qo‘lqop ustalarimizdan 4 nafari chorak finalga chiqishdi. Bugun yana 4 nafar bokschimiz chorak final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi.

Xususan, Shaxobiddin Zoirov (-52 kg) xitoylik Xu bilan, Elnur Abduraimov (-60 kg) Yangi Zelandiya vakili Chad Milnes bilan, Elshod Rasulov (-81 kg) turkiyalik Karlidag‘ bilan, Bahodir Jalolov (+91 kg) esa Liniyer Pero (Kuba) bilan bahs yuritadi.

Top