08:24 / 09.10.2015
6033

Qatardagi JChda O‘zbekiston terma jamoasining eng ishongan bokschisi mag‘lubiyatga uchradi

Qatar poytaxti Doha shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining uchinchi kungi bahslari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidagi eng ishongan charm qo‘lqop ustasi Hasanboy Do‘smatov mag‘lubiyatga uchrab, tomoshabinlar qatoridan joy oldi. Bu haqda "Olamsport.som" xabar bergan.

-49 kg vazn toifasida amaldagi Osiyo chempioni hisoblangan hamyurtimiz jahon chempionatidagi ishtirokini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi davradan boshladi va bu bosqichda ozarbayjonlik Rufat Guseynovga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bu Do‘smatovning joriy boks mavsumidagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatining uchinchi kungi bahslarida 91 kg vazn toifasidagi charm qo‘lqop ustamiz Rustam To‘laganov Yangi Zelandiya vakili Devid Niikani 3:0 (29:28, 29:28, 30:27), 56 kg vazn toifasidagi Murodjon Ahmadadiyev esa asosiy raqiblaridan biri, chempionatning bu vazndagi birinchi raqamli bokschisi, qozog‘istonlik Qayrat Yeraliyevni 3:0 (30:27, 29:28, 29:28) hisobida taslim etgan edi.

Top