12:41 / 10.10.2015
6434

Pentagon Rossiyaning “Nur” sun'iy yo‘ldoshi xavfli manyovrlarni bajarganini ma'lum qildi

Pentagon Intelsat kompaniyasining ikkita uskunasiga xavfli darajada yaqinlashgan Rossiyaning “Luch” (“Nur”) sun'iy yo‘ldoshining xatti-harakatlari sababli ekspertlar va harbiylar bilan bir qator yig‘ilishlar o‘tkazdi. Bu haqda Space News nashri xabar qildi.

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, Rossiya uskunasi besh oy davomida Intelsat 7 va Intelsat 901 sun'iy yo‘ldoshlari o‘rtasidagi geostatsionar orbitada harakat qilgan. U 2014 yil sentabr oyida uchirilganidan yetti oy o‘tib, bir nechta manyorvlarni amalga oshirgandan so‘ng ushbu orbitani egallagan.

So‘nggi vaqtlarda “Nur” bir necha marotaba Intelsat sun'iy yo‘ldoshlariga xavfli daraja (10 kilometrgacha)da yaqinlashgan. Sun'iy yo‘ldosh mutaxassislari shu munosabat bilan xavotirga tushib, Pentagondan yordam so‘ragan, shuningdek, Rossiya tomoniga murojaat yuborgan.

Nashrning ma'lum qilishicha, ular hali ham javob olmagan.
“Bu normal holat emas va biz xavotirdamiz”, - dedi Intelsat prezidenti Key Sirs Space News bilan bo‘lib o‘tgan intervyuda. Kompaniya Rossiya uskunasining Intelsat 7 va Intelsat 901 sun'iy yo‘ldoshlari faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligiga chaqirmoqda.

Top