19:06 / 11.10.2015
8902

Jyeki Chan? Bu shunchaki afsona

Prodyuserlar meni qo‘rqmas deb atashadi, lekin bilasizmi, prodyuserlar judayam yolg‘onchi bo‘lishadi.

Meni asabiy deb atashingiz mumkin. Asosiysi, ahmoq demasangiz bo‘ldi.

Birorta tryukni bajargach, har doim kameraga qarayman. Odamlar hozirgina ko‘rishgan sahnani dublyor emas, men bajarganimni tushunishlari kerak. Shu sababli ham doimo muvaffaqiyatsiz dubllarni namoyish etaman. 

Kamera o‘chiq turgan paytda ichimda qo‘rquv yashaydi. Kamera ishga tushishi bilan esa men hamma narsaga tayyor bo‘laman.

Men dunyodagi eng mashhur shifokor bo‘lishim mumkin edi, lekin dunyodagi eng mashhur bemorga aylandim.

Bir shifokor menga shunday degandi: “Siz o‘z umringizga zomin bo‘lishingiz mumkin. Balki endi to‘xtatarsiz? Lekin siz baribir menga quloq solmaysiz, shu savolni o‘zingizga o‘zingiz berib ko‘ring”. Men uning maslahatiga amal qilib o‘zimga mana shu savolni berib ko‘rdim. Ammo haligacha qanday javob qaytarishni bilmayman.

Ilgarilari bir-ikkita suyak sinmaguncha yaxshi film olib bo‘lmaydi deb o‘ylardim. Hozir esa olsa bo‘ladi degan fikrga keldim. 

Yo‘g‘ye, men bir yuz ikkita filmda suratga tushibmanmi?

Agar imkon bo‘lsa men Osiyoning Robert De Nirosi bo‘lishni istardim. 

Myuzikllar yoki yuqori texnologiyali maxsus effektlarda biz xitoyliklar amerikaliklardan ortdamiz. Lekin ayrim narsalarda... Bir kuni Spilberg bilan gaplashib qoldim va “Yura davri parki”dagi odamlar bilan dinozavrlar yugurib yurishadigan sahna haqida to‘lqinlanib gapirdim. U esa shunday dedi: “Bu juda ham oddiy narsa-ku, Jyeki. Menda kuchli kompyuterlar bor. Undan ko‘ra sen “Tangri yarog‘i” filmida qanday sakraganingni gapirib ber?” Men dedim: “Bu juda ham oson: kamerani yoqasan, sakraysan, bo‘ldi”.

Amerikalik kaskadyorlar judayam aqlli. Ular doimo xavfsizlik haqida o‘ylashadi va mashinada uchib o‘tish lozim bo‘lsa, ular hamma narsani — tezlik, masofani hisoblab chiqishadi. Biz gonkongliklar esa hisoblashni bilmaymiz. Bizning hama harakatimiz taxminlarga asoslangan. Agarda jasorating yetsa o‘ylagan narsangni, albatta, amalga oshira olasan.

Hamma supermen bo‘lishni orzu qiladi, supermen esa shunchaki oddiy inson bo‘lishni istagan.

Meni xuddi Baster Kitondek — quvnoq va qo‘rqmas deb eslashlarini istayman.

Shon-shuhrat – yaroqsiz mahsulot: juda qimmat, lekin tez buziladi.

Men kabi bo‘lishga urinmaganingiz ma'qul. Yaxshisi, undan ko‘ra dasturlashni o‘rganing.

Mening filmlarimda bir qoida bor: hech qanday ishqiy sahnalar bo‘lmaydi. Farzandlarim meni  ishqiy sahnalarda qatnashganimni ko‘rishsa, ularning ko‘ngli aynib ketishi mumkin.

Tozalash – anchagina ijodiy jarayon.

Men nimani yegim kelsa yeyman. Agarda muzqaymoq yesam — shunchaki odatdagidan 20 daqiqa ko‘proq mashq qilaman.

Koka-kola va repga ruju qo‘ygan odam hech qachon an'anaviy madaniyatga qayta olmaydi.

Mening itim va juda ko‘p mushuklarim bor. Xotinim doim: “Mendan ko‘ra hayvonlaringga ko‘proq pul sarflaysan”, deydi.

Pul hech kimni hech qachon to‘g‘ri tarbiyalay olmagan.

Zerikkan paytimda Bryus Lining filmlarini tomosha qilaman.

Mendan zo‘rroq har qanday insondan o‘rganaman.

Ba'zida yovuz rolini o‘ynagim keladi. Ana shunda meni o‘ldirishadigan birinchi film suratga olingan bo‘lardi.

Tanang senga qachon “to‘xta”, deyishini hech qachon bilmaysan.

Mening bir kamchiligim bor: zo‘ravonlikni yomon ko‘raman.

Jyeki Chan? Bu shunchaki afsona.

Manba: xabardor.uz

Top