22:37 / 11.10.2015
4495

Lukashenko Ukrainaga “Yevropa Ittifoqi noni unchalik ham mazali emas” deb aytdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko “Yevropa Ittifoqi noni” Ukrainaga tuyulayotgandek unchalik ham mazali emas, deb aytdi. Bu haqda Belta axborot agentligi ma'lum qildi.

“Siz o‘z yo‘lingizni tanladingiz, biz uni hurmat qilamiz. Biz siz qanday siyosat yurgazayotganingiz va qaysi yo‘nalish bo‘yicha borishingizga ko‘nikib boramiz. Marhamat! Biroq bu nonni totib, siz uning oqibatlari uchun javobgar bo‘lishingizni nazarda tutishingiz lozim”, deb javob berdi Lukashenko ukrainalik jurnalist savoliga.

Lukashenko bunda Yevropa Ittifoqidagi katta raqobatchilikni nazarda tutayotganini qo‘shimcha qildi: “Yevropa Ittifoqi sizga erkin savdo hududini ochdi. Xo‘sh, siz Yevropa Ittifoqida nima sotoldingiz?”

Lukashenko Belarus o‘zining qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan Yevropa bozoriga chiqishga uringanini, biroq unchalik ham muvaffaqiyat qozona olmaganini eslatib o‘tdi.

“Bizning ba'zi korxonalarimiz YeI bozoriga chiqdi, biroq faqat bir yo‘nalish bo‘yicha bu bizga qanchaga tushgani va bunga necha yil sarflaganimizni bilaman. Biz Ukraina bilan ishlab chiqarayotgan qolgan narsalar esa Yevropa Ittifoqida bor va u yerga nafaqat katta raqobat, balki Yevropa bozorini himoya qilish tarif choralari sababli ham kirish oson emas”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Belarus prezidenti.

Top