07:38 / 12.10.2015
3051

Belarusda prezidentlik saylovining ilk natijalariga ko‘ra Lukashenko 83,49 foiz ovoz to‘pladi

Mamlakatning amaldagi prezidenti Aleksandr Lukashenko Belarusda 11 oktabr kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovida 83,49 foiz ovoz olgan. Saylovning dastlabki natijalari Belarus Markaziy saylov komissiyasida e'lon qilingan.

Ikkinchi o‘rinda 4,42 foiz ovoz bilan Tatna Korotkevich (“To‘g‘risini gapir” kampaniyasi faoli), uchinchi o‘rinda 3,32 foiz ovoz bilan Sergey Gaydukevich (Liberal-demokratik partiya) o‘rin olgan. To‘rtinchi nomzod Nikolay Ulaxovich (Belarus vatanparvarlari partiyasi) esa 1,67 foiz ovoz yiqqan.

Saylovda saylovchilarning 86 foizi ishtirok etgan.

Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, ovoz berishda fuqarolarning yarmidan ko‘pi ishtirok etgan taqdirda saylov o‘tgan deb hisoblanadi. Prezidentlikka esa ovoz berishda ishtirok etganlarning yarmidan ko‘pi qo‘llab-quvvatlagan nomzod saylangan hisoblanadi.

Joriy yilning 6-10 oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan muddatidan avval ovoz berishda saylovchilarning 30 foizdan ko‘prog‘i ishtirok etgan.

Saylovda jami 37,871 ming kuzatuvchi ishtirok etdi. Markaziy saylov komissiyasi 928 xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni ro‘yxatga olgan. Ulardan 344 nafari YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi vakillaridir, 387 nafari MDHdan, 68 nafari YeXHTning parlament assambleyasidan, 7 nafari ShHTdan.

Saylovning yakuniy natijalari 16 oktabr kuni e'lon qilinadi.

Markaziy saylov komissiyasi rahbari Lidiya Yermoshina natijalar 4 kundan keyin ma'lum bo‘lishini aytgan.

Qayd etish kerakki, Lukashenko beshinchi marta prezidentlikka saylanmoqda.

Top