18:39 / 12.10.2015
4576

Boks bo‘yicha Qatardagi JCh: O‘zbekistonlik 3 nafar bokschi final uchun ringga chiqish arafasida

Bugun, 12 oktabr kuni Qatarda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatining yarim final ikkinchi kun janglarida o‘zbekistonlik uch nafar bokschi ringga chiqadi.

Kecha o‘tgan bellashuvlarda Murodjon Axmadaliyev (-56 kg.), Fazliddin G‘oibnazarov (+64 kg.) va Bektemir Meliqo‘ziyev (-75 kg.) raqiblarini mag‘lub etib, final yo‘llanmasini qo‘lga kirtishgan edi. Bugun esa yana uch nafar bokschimiz final uchun bahs olib borishadi.

-60 kg.: Osiyo chempionati bronza medali sovrindori Elnur Abdullayev final uchun kechadigan jangda ikki karra jahon chempioni (2011 va 2013) va London Olimpiadasi bronza medali sohibi kubalik Lasar Alvares bilan kuch sinashadi. Bu juftlik g‘olibini finalda braziliyalik Robson Konseysao kutib turibdi.

-81 kg.: Ikki karra Osiyo o‘yinlari chempioni, jahon chempionati (2009 va 2011) sovrindori 29 yoshli Elshod Rasulovga yarim finalda 2013 yilgi jahon chempionati bronza medali sohibi 22 yoshli irlandiyalik Jozef Uord raqiblik qiladi. Bokschimiz kelasi yili Rio Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi uchun bugungi bahsda g‘alaba qozonishi kerak.

+91 kg.: Turnirning eng og‘ir vazn toifasida vatanimiz sharafini himoya qilayotgan 21 yoshli Bahodir Jalolov yana bir marta 2014 yilgi Osiyo o‘yinlari chempioni va London Olimpiadasi bronza medali sohibi 26 yoshli qozog‘istonlik Ivan Dichko bilan final yo‘llanmasi masalasiga oydinlik kiritib oladi. Bokschimiz Osiyo chempionatining chorak final bahsida raqibiga imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi. Endi o‘sha alamli mag‘lubiyat uchun revansh olish imkoni paydo bo‘ldi.

Top