11:10 / 12.10.2015
6340

Toshkentda yomg‘irli kunlarda haydovchilar «Novza» metro bekati yaqinida shag‘alga botib qolishdi

"Toshkent shahridagi Muqimiy ko‘chasining «Agrobank» bosh ofisi va «Novza» metro bekati oralig‘ida yo‘l ostidan o‘tgan issiqlik tarmoqlarini ta'mirlash ishlari besabr haydovchilar uchun haqiqiy sinovga aylandi", deb yozadi "Daryo.uz" nashri.

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Voditeli Tashkenta» guruhida 9—10 oktabr kuni aynan shu yerda yuz bergan yo‘l-transport hodisalari, aniqrog‘i, haydovchisi besabr avtomobillarning tramvay yo‘lidagi shag‘alga botib qolgani bilan bog‘liq bir necha xabarlar paydo bo‘ldi.

Yo‘l ostidagi quvurlar ta'mirlanayotgani sabab, ko‘chaning Flagman majmuasi oldidagi qismida harakatlanish bo‘laklari beshtadan ikkitagacha qisqargan. O‘z-o‘zidan avtomobillar tirbandligi yuzaga kelmoqda, ba'zi haydovchilar esa shag‘al yotqizilgan tramvay yo‘li orqali aylanib o‘tishga urinmoqda.

Xususan, 9 oktabr kuni «Voditeli Tashkenta»ga joylashtirilgan fotoxabarda qora rangli Nexia avtomobili (davlat raqami — V 543 HA) bu borada muvaffaqiyatsizlikka uchragani, bir necha kishi uni shag‘aldan «qutqarishga» harakat qilayotganini ko‘rish mumkin. Xuddi shu kuni tush vaqtida bortida bir necha yo‘lovchisi bor «Gazel» mikroavtobusi shag‘alga botib qolib, tramvaylar tirbandligi yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.

Bunday hodisalar 10 oktabr kuni ham kuzatilgan. Jumladan, tirbandlikda turgan «hamma avtomobildan o‘zib ketmoqchi» bo‘lgan Nexia (davlat raqami — (hudud raqami ko‘rinmagan) B 635 EA) haydovchisi oxir-oqibat o‘z avtomobili g‘ildiraklarini shag‘aldan tozalashga harakat qilayotganini, ikkinchi vaziyatda esa shag‘alga botib qolgan Lacetti, keyingi vaziyatlarda esa yengil yuk mashinasi va oq Nexia tramvaylar harakatini to‘xtatib qo‘yganini ko‘rish mumkin.

Xabarlarga ilova qilingan boshqa bir suratda «GAZ 3110 Volga» (davlat raqami — 01 Y 023 LA) avtomobili tramvayning shag‘alli yo‘lidan harakatlanib ketayotgani tasvirlangan. Mazkur fotoxabarlarga qoldirilgan izohlarda foydalanuvchilar o‘tgan bir necha kun davomida bir necha Matiz’lar, Epica, Captiva va boshqa yengil avtomobillarning shag‘alga botib, tramvaylar harakatiga xalal berganiga guvoh bo‘lgani haqida yozib qoldirgan. Foydalanuvchilar mazkur holatlarni keskin tanqid ostiga olgan.

«Bular yo‘lni mayda toshga to‘ldirib tashladi», — deb yozadi foydalanuvchilardan biri. Hodisa guvohlaridan birining qayd etishicha, tramvay haydovchilari besabr avtohaydovchilarni «ayovsiz so‘kmoqda». «Tezroq shu yerdagi ta'mirlashni yakunlashsa yaxshi bo‘lardi. Tan olish kerak, tinim bilmay ishlashyapti», — deb yozadi bir foydalanuvchi.

Yo‘l harakati qoidalarining 11.6. bandiga ko‘ra, yo‘lakay yo‘nalishdagi qatnov qismining chap tomonida joylashgan tramvay izidan shu yo‘nalishdagi boshqa bo‘laklar band bo‘lganda harakatlanishga, aylanib va quvib o‘tishga ruxsat etiladi — bunda tramvay yo‘li avtomobil yo‘li bilan bir sathda bo‘lishi kerak («Novza» metro bekati yaqinida tramvay yo‘li bunday emas). Shuningdek, bunday aylanib yoki quvib o‘tish vaqtida tramvay harakati xalal bermaslik ham asosiy talab hisoblanadi.

Top