10:00 / 12.10.2015
6128

Toshkentdagi Botanika bog‘i hududiga qushlar uchun 60 ta sun'iy inlar o‘rnatildi

Toshkentdagi Botanika bog‘ida "Qushlar uchun makon" aksiyasi doirasida qushlarning ayrim turlari, ya'ni mayda boyqushi va chittak hamda qumri qushlari uchun 60ta sun'iy inlar o‘rnatildi.

Mazkur aksiyaning asosiy maqsadi jamoatni insonlar bilan birga yaqin oraliqda yashovchi yovvoyi qushlar bilan tanishtirish, amaliyotda ularni asrab qolishga yo‘naltirilgan harakatlarni namoyish etishdan iborat, deb yozadi UzReport nashri.

Aktsiya davomida turli madaniy-ma'rifiy tanlov va viktorinalar o‘tkazildi, O‘zbekiston qushlarni himoya qilish jamiyati hodimlari insonlar yonida yashovchi qushlar haqida so‘zlab berishdi. Aktsiyaning eng faol ishtirokchilariga mazkur jamiyat tomonidan mukofotlar topshirildi.

O‘zbekiston qushlarni himoya qilish jamiyati ijrochi direktori Roman Kashkarovning ta'kidlashicha, poytaxtimizda bu kabi keng ko‘lamli aksiyalar hali o‘tkazilmagan edi. Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan yana biri, qushlar uchun o‘rnatilgan inlarga nisbatan, bu inlarning bo‘lajak egalari qanday munosabat bildirishini kuzatishdan iboratdir.

Qo‘shimcha qilish joizki, sun'iy qush inlarini o‘rnatish uchun kuz oyining o‘rtalari tanlangani bejizga emas. Bahorgacha chittak va boyqushlar daraxtlar rangiga moslashib olib, daraxt landshaftining bir bo‘lagiga aylanishga ulguradi.

Top