07:20 / 13.10.2015
11118

O‘lik deb hisoblangan hind tekshirish uchun yorilishiga bir daqiqa qolganda hushiga keldi

Hindistonning Mumbay shahrida yashovchi 45 yoshli erkak shifokor xato tarzda uni o‘lik deb topgandan keyin tanasini tekshirish uchun yorilishiga bir daqiqa qolganda hushiga keldi, deb yozmoqda The Daily Mail nashri.

Nashr ismini keltirmayotgan erkak avtobusda hushidan ketib qolgan. Politsiya uni shifoxonaga olib borgan, bu yerda shifokorlar uning pulsi urmayotganini qayd qilib, uni o‘lgan deb xulosa chiqarishgan. Bosh shifokor Ro‘xan Ro‘xekar shifokorlik xatosining oldini olish uchun bemorni xona haroratida 2 soatga qoldirishni talab qiladigan shifoxona qoidasiga zid ravishda, “jasad”ni o‘likxonaga jo‘natgan.

O‘likxona xodimlarining aytishicha, ular erkak tanasini endigina yormoqchi bo‘lganlarida “jasad”ning qorni chiqib-tushayotganini payqab qolishgan. Nashr hindning to‘satdan o‘ziga kelishi sabablarini keltirib o‘tmagan.

Bosh shifokor erkakning o‘ziga kelganidan xabar topgach, uning o‘limi haqidagi xulosani yo‘q qilib yuborgan, biroq keyinroq uning bu qilmishi oshkor bo‘lgan.

Shifoxona xodimlari voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilarni darrov ichkariga qo‘yishmagan. Keyinroq politsiya inspektori bu holat shifokorlik mas'uliyatsizligining jiddiy holati ekanligini hamda bosh shifokordan tergov natijalari haqida hisobotni kutib qolishini aytgan.

Shifoxona rahbari shifokor Sulaymon Merchant inson jarohat olganda yoki karaxt holga tushganda puls sezilmasligi oddiy hol ekanligini aytgan. Uning aytishicha, Ro‘xekar yaqindagina o‘z lavozimida ishlay boshlagan va barcha jarayonlardan yaxshi xabardor bo‘lmagan. Merchantning aytishicha, aybdor hayfsan olgan.

"Hayotga qaytib kelgan" erkak hozirda quloq infeksiyasi va to‘yib ovqat yemaslikdan davolanmoqda.

Top