10:11 / 13.10.2015
3738

Shveytsariyaliklar avtopilot va dronga ega sportkar yaratishdi

Shveytsariyaning Rinspeed kompaniyasi Etos nomli yangi avtomobil prototipini ishlab chiqdi. Kompaniya gibrid sportkar deb atayotgan kontsept 2016 yil yanvarda Las-Vegasda CES iste'molchilik elektronikasi ko‘rgazmasida namoyish qilinadi.   

Etos’ning kuch qurilmalari haqida hech qanday ma'lumot berilmagan. Kompaniyada faqatgina kontsept-kar “intuitiv, moslashuvchan, o‘rgatiluvchan avtopilot” bilan jihozlanganligi aytildi. Avtopilot ishga tushirilganda avtomobil rul chambari to‘liqlayin asboblar paneliga kirib ketadi, egilgan displeylar esa haydovchi va yo‘lovchiga yaqinroq suriladi.

Avtomobil, shuningdek, Harman multimedia tizimi va dron  bilan jihozlangan. Avtomobilning orqa qismida dronning qo‘nishi uchun joy bor. Dron yordamida, misol uchun, mashinani harakati davomida tasvirga olish mumkin.

Bu yangi kontsept-kar kompaniya yaratgan 21-kontsept-kardir va Etos kompaniyaning Shveytsariyadan tashqarida ilk bor namoyish qilinadigan birinchi prototipi bo‘ladi.

Kompaniyaning oxirgi kontsept-kari Budii bo‘lib, u BMW i3 negizida yaratilgan. Prototip teleskopik lazer yordamida ishlaydigan avtonom boshqarish tizimi bilan jihozlangan. Teleskopik lazer mashina tomidan 70 sm balandlikka ko‘tarilib, atrof-muhitning 3D-tasvirini yaratadi.

Top