20:10 / 13.10.2015
3126

Toshkentda Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda O‘zbekiston va Xitoyning Shansi provinsiyasi ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum va kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tdi

Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Xitoy xalqaro savdo taraqqiyotiga ko‘mak berish qo‘mitasi va Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi. 

Biznes-forum va kooperatsiya birjasi mavjud aloqalarni mustahkamlash hamda yangi loyihalarni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Nazira Dadaxonovaning ta'kidlashicha, bunday tadbirlar O‘zbekiston – Xitoy iqtisodiy hamkorligini tashkil qiladigan ulkan imkoniyatlarning bir qismi, xolos. Hamkorlikdagi biznes-forumlar va turli tadbirlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitishda muhim ahamiyatga ega. 

Bu galgi biznes-forum va kooperatsiya birjasida mashinasozlik, farmatsevtika, to‘qimachilik, qurilish, oziq-ovqat, kimyo sanoati, elektrotexnika, muqobil energiya manbalari, zamonaviy texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritayotgan konsern va kompaniyalarining vakillari ishtirok etdi. 

Tadbir yakunida turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator investitsiyaviy shartnomalar imzolandi.

Top