09:35 / 13.10.2015
4022

Yaponiyaning Okinava prefekturasi gubernatori AQSh aviabazasini qurishga ruxsatni bekor qildi

Yaponiyaning Okinava prefekturasi gubernatori Takesi Onaga Nago shahri yaqinidagi Xenoko qishlog‘ida AQSh harbiy-havo kuchlari uchun yangi aerodrom qurilishiga berilgan ruxsatni rasman bekor qildi.

Kiodo agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, gubernator o‘zining bu qarori haqidagi xabarni Yaponiya Mudofaa vazirligining Okinavadagi bo‘limiga yuborgan. 

20 yil muqaddam Yaponiya hukumati Okinava oroli markazida joylashgan Ginnovan shahridagi AQSh harbiy bazasini yopishga qaror qilgan. Dastlab bazani prefektura tashqarisiga olib chiqish rejalashtirilgan, biroq keyinroq bazaning oroldagi joylashgan o‘rnini almashtirish va AQShning “Kemp-Shvab” bazasi joylashgan Xenokoda yangi aerodrom qurishga qaror qilingan.

Biroq Okinava aholisi bunga qarshi chiqmoqda va gubernator bir necha yil avval o‘zining saylovoldi kampaniyasida o‘zidan avvalgi gubernator Xirokadzu Nakaima tomonidan ma'qullangan aerodrom qurilishi rejasining bekor qilinishiga erishishga va'da bergan edi. Yaponiya markaziy hukumatining amaldagi gubernatorning bunday qilmaslikka undashlari muvaffaqiyatsiz yakunlandi. 

Okinava Yaponiya hududining bor-yo‘g‘i 0,6 foizini tashkil qilishiga qaramasdan, u yerda AQSh harbiy obektlarining 74 foizi va Yaponiyadagi AQSh Qurolli kuchlarining yarmidan ko‘pi joylashgan. 

Prefektura ma'muriyati ma'lumotlariga ko‘ra, Okinavada 25,8 ming amerikalik harbiy xizmatchi va ularning oilalarining 19 ming nafar a'zosi joylashgan.

Top