10:53 / 14.10.2015
3125

Canon oysiz tunlarda suratga oluvchi ME20F-SH kamerasini namoyish qildi

Canon kompaniyasi oysiz tunlarda, 0,0005 lyuks yorug‘likda suratga oluvchi ME20F-SH kamerasini namoyish qildi. Bu haqda Canon Expo-2015 tadbirida ma'lum qilindi.

Qurilma keng omma uchun emas, balki astronomik kuzatuvlar va videokuzatuv tizimlariga mo‘ljallangan. Biroq uning konstruksiyasida xuddi professional fotokameralardagi kabi 35 millimetrli matritsa qo‘llangan. Uning sezgirligi Canon EOS-1D X flagman fotokamerasinikidan 80 marotaba kuchliroq (4 mln ISO birligi).

Canon ilmiy loyihalarda ham ishtirok etmoqda, xususan kompaniya yaratgan diametri 67 smli linzalar Subaru teleskopida ishlatilgan. Yangi qurilayotgan 30 metrli TMT (Thirty Meter Telescope) teleskopida kompaniyaning sirtlarga ishlov berish texnologiyalari 472 ta oltiburchakli segmentlardan tashkil topgan, ko‘rsatilgan diametrdagi akslantiruvchi element yaratishga imkon berdi. Bu observatoriyaning yorug‘lik sezuvchanligi Subaru  teleskopinikidan 13 marta, ko‘rsatish qobiliyati esa 4 marta ko‘proq bo‘ladi. 

Canon Expo ko‘rgazmasi 5 yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Ko‘rgazma doirasida kompaniya mavjud mahsulotlari va istiqboldagi texnologiyalarni namoyish qiladi. Joriy yilda Canon prezidenti Fudzio Miterai kompaniya faoliyatining strategik yo‘nalishlari sifatida buyumlar interneti, tibbiy texnologiyalar, virtual reallik, 8K qobiliyatida kinematografik suratga olish hamda tasvirlarni saqlash va boshqarish texnologiyalarini aytdi.

Top