07:24 / 14.10.2015
3416

Sergey Lavrov: Yaqin Sharqda terrorchilikning yoyilishi davlatlar barbod qilinishi bilan bog‘liq

Yaqin Sharqda terrorchilikning yoyilishi muammosi davlatchilikning barbod qilinishi bilan bog‘liq. Bunday fikrni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov NTV telekanaliga bergan intervyusida bildirdi.

Lavrov “Nima uchun hamkorlar Rossiyaning keng aksilterrorchilik koalitsiyasini yaratish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyor emaslar?” degan savolga “Buning sababi Suriyadagi terrorchilikka qarshi koalitsiyaning maqsadlari uncha ham rost e'lon qilinmaganida bo‘lishi mumkin”, degan fikrni bildirdi.  “Balki maqsad tuzumni o‘zgartirishdan iboratdir? Ular Suriyadagi yakuniy yechim Asad bo‘lmagandagina bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrlaridan qaytmayaptilar”, deb aytdi Lavrov. 

“Ular hozir Suriya va Iroqda bir yildan ortiq ishlayotgan koalitsiya faqatgina terrorchilar, IShIDga qarshi kurash olib borayotgani va hukumat qo‘shinlari pozitsiyalariga hujum qilmayotganini aytmoqdalar. Ehtimol, bu chin yoki yolg‘on ekanligini tekshirib ko‘rish uchun obektiv imkoniyat bordir. Biroq biz bu vaziyatni o‘rganmoqdamiz”, deb qo‘shimcha qildi Lavrov.

“Saddam Husayn qanday ag‘darilgani esimizda. Bundan keyin Iroq xaos hukmronlik qilgan joyga aylandi va hanuzgacha u yerda hammasi murakkab. Kaddafi tuzumini ag‘darish uchun bizning g‘arbiy hamkorlarimiz va mintaqadagi davlatlar eng ashaddiy ekstremistlar bilan hamkorlik qilganlari ham esimizda. Ekstremistlar esa shamchiroqdan chiqqan jinga o‘xshab butun Shimoliy Afrika va hattoki “qora” Afrikaga ham yoyilib ketdi”, deb ta'kidlamoqda Lavrov.

Lavrovning aytishicha, “ikki yoqlama standartlar yaqqol ko‘rinib turibdi” va “bir guruh davlatlar bor bo‘lib, ular uchun yana bir tuzum, yana bir davlatni barbod qilish hammasidan muhimroqdir”.

“Axir oxir-oqibat Yaqin Sharqda terrorchilikning yoyilishi muammosi davlatchilikning barbod qilinishi bilan bog‘liqdir. Iroqda, Liviyada ham, mana endi Suriyada. Ehtimol, yaqin orada Livanda amalga oshirilar, men hattoki bilmayman ham”, deb qayd qilib o‘tdi Lavrov.

Top