16:15 / 15.10.2015
2850

Pokistonda bir yilda 54 mlrd dollarlik giyohvand moddalar musodara qilindi

Pokistonning Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasi o‘tgan moliyaviy yil (2014 yilning 1 iyulidan 2015 yil 30 iyuniga qadar) davomida umumiy qiymati 5,7 trln rupiy ($54 mlrd)ni tashkil etuvchi 354,54 tonna taqiqlangan preparatlarni olib qo‘ydi, deya xabar bermoqda TASS.

Bu haqda giyohvand moddalarga qarshi kurash boshqarmasining rasmiy murojaatida keltirib o‘tiladi.
Shuningdek, narkotik moddalar savdosida ishtirok etgan 42ta jinoiy guruh faoliyati fosh etilib, 1,6 ming kishi hibsga olindi. Qo‘lga olinganlarning besh nafari o‘lim jazosiga tortilgan bo‘lsa, 65 nafari umrbod qamoqqa hukm qilindi. Yana 556 nafari turli muddatlarda ozodlikdan mahrum etilgan, qolganlari esa ayni paytda sud hukmini kutishmoqda.

O‘tgan davr mobaynida narkofurushlardan 14 tonna geroin, 164 tonna charas (nashaning bir turi), 1,3 tonna morfin, 54 tonna opium, 30 tonna kokain, 1,8 tonna amfitamin, 707 kg marixuana olib qo‘yilgan. Hammasi bo‘lib 240 tonna giyohvand moddalar hamda 105 tonna narkotik vositalar va psixotrop moddalar tayyorlashda ishlatiladigan kimyoviy reagentlar musodara qilingan.

Avvalroq BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi Pokiston bilan chegaradosh Afg‘onistonda opium dalalari maydoni rekord darajadagi 209 ming gektarga ortganini ma'lum qilgan edi. Pokiston Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasining qo‘shimcha qilishicha, 2013 yilda mazkur mamlakatda opiy yetishtirish yiliga 49 foiz ortib, 5,5 ming tonnaga yetgan.

Top