22:37 / 15.10.2015
3138

Tokio ovqatlanish shinavandalari uchun eng yaxshi shahar deb topildi

Britaniyaning The Telegraph nashri oqatlanish shinavandaligi (gastronomik) sayohati uchun eng yaxshi shaharlar ro‘yxatini chop etdi. Bu ro‘yxatning 1-o‘rini Tokioga nasib etdi. Hammasi bo‘lib ro‘yxatdan Yevropa, Amerika va Osiyoning 16 shahri o‘rin oldi.

Mutaxassislarning fikricha, Yaponiya Mishlen yulduzlariga ega bo‘lgan eng ko‘p sondagi restoranlarga egaligi bilan maqtana oladi, uning poytaxti Tokio esa bu nufuzli mukofot bilan taqdirlangan ovqatlanish muassasalari soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Sayyohlar bu yerda nafaqat an'anaviy sushi, balki tofu, cho‘chqa go‘shtidan tayyorlangan kotletlar, turli masalliqlar aralashmasidan tayyorlangan va yupqa qilib kesilgan quritilgan tunets bilan qoplangan qovurilgan nondan ham totib ko‘rishlari mumkin. Bundan tashqari, Tokio har qanday did va  cho‘ntak uchun – osmono‘par binolardagi manzarali ko‘rinishlar ochiladigan restoranlardan tortib mahalliy oshxona namunalarini taklif qiladigan kichik pablargacha taklif qiladi.  

Bu borada 2-o‘rinni Vetnam poytaxti Xanoy egalladi. Bu yerda sayyohlar ko‘chaning o‘zida ko‘z o‘nglarida tayyorlangan nordon-shirin sho‘rvali lapsha, cho‘chqa go‘shti va baliq sousiga buyurtma berishlari mumkin.

London oshpazlik ro‘yxatidan 3-o‘rinni egalladi, bu yerda ko‘p miqdorda restoran, bar va pablar faoliyat yuritadi. E'tiborlisi,  5 yulduzli Langham mehmonxonasida joylashgan Artesian bari 4 marta ketma-ket World's 50 Best Bars reytingining eng yuqori pog‘onasiga loyiq deb topildi. Bu bar, shuningdek, Yevropaning eng yaxshi bari deb hisoblanadi.

Bundan tashqari, ushbu ro‘yxatdan Nyu-York (AQSh), Bolonya (Italiya), Yangi Orlean (AQSh), Lima (Peru), Fes (Marokash), Jaypur (Hindiston)  va boshqa shaharlar ham o‘rin oldi.

Ma'lumot uchun, Mishlenning qizil gidi (Michelin, Le Guide Rouge) restoranlarning reytingini belgilaydigan eng nufuzli reyting hisoblanadi va uch yulduzli baholash tizimiga ega. Bitta yulduz restoran o‘z toifasida juda yaxshi ekanligini, ikkita yulduz esa “a'lo darajadagi tamaddixona, bu yerda ovqatlanish uchun sayyohlik yo‘nalishidan chekinish qilsa bo‘ladi” va nihoyat, uchta yulduz bosh oshpazning a'lo darajadagi mahorati va bu yerda tamaddi qilish uchun bu yerga ataylab sayohat uyushtirish mazmunga egaligidan darak beradi. 

Top