11:40 / 15.10.2015
4205

Xabarovskda yosh ayiq OMON mergani tomonidan otib o‘ldirilishi bo‘yicha tekshiruv o‘tkaziladi

Rossiya Federatsiyasi tergov qo‘mitasining Xabarovsk o‘lkasi bo‘yicha bo‘limi 14 oktabrga o‘tar kechasi Xabarovsk shahridagi bolalar bog‘chasi hududiga kirib qolgan ayiq bolasining OMON mergani tomonidan otib o‘ldirilishi holatining qonuniy asoslari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazadi.

Qo‘mita vakilining aytishicha, jonivorni zararsizlantirish uchun o‘qotar quroldan foydalanishga zarurat bo‘lmagan bo‘lishi mumkin.

"Tekshiruv o‘tkaziladi. Jonivorga nisbatan o‘qotar quroldan foydalanish zaruratlari aniqlanishi kerak. Tekshiruv natijasida protsessual qaror qabul qilinadi", deyiladi TASS nashri qo‘mita vakilining so‘zlaridan iqtibos keltirgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 14 oktabr kuniga o‘tar kechasi bir yoshli ayiq Rossiyaning Xabarovsk shahridagi savdo markazlaridan birining kirish eshigini boshi bilan buzib ichkariga kirgan. Ko‘p o‘tmasdan u odamlardan qochib, bolalar bog‘chasi hududiga yashiringan.

Ayiqni ushlash jarayoni bir yarim soat vaqtni olgan. Yirtqichni tutish jarayonida yetti nafardan ortiq yo‘l-patrul xizmati ekipaji qatnashgan. Ayiq bolalar bog‘chasi hududiga quvib kirilib, otib tashlangan.

Bu holat jonivorlarni himoya qiluvchi faollarning noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.

"Yosh ayiq odamlardan qo‘rqib qochib yurgan. U hech kimga hujum qilmagan, uni esa zarurat bo‘lmagan holatda otib o‘ldirishdi", deydi jurnalistlarga "Zoozashchita DV" vakili Natalyu Kovalenko.

Uning aytishicha, ayiqni insoniylik nuqtai nazarida boshqa vositalar, masalan uxlatuvchi o‘q yoki mutaxassislar orqali tutish mumkin edi.

Top