19:33 / 16.10.2015
4903

Hindiston shtatlaridan birining rahbari hududdagi musulmonlarni mol go‘shti iste'mol qilishni to‘xtatishga chaqirdi

Hindistonning Xaryana shtati rahbari Manoxar Lal Kxattar hududda istiqomat qiluvchi musulmonlarni mol go‘shti iste'mol qilmaslikka chaqirdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar tarqatmoqda.

Lal Kxattarning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda hukmron bo‘lgan «Bxaratiya Janata partiya» mansub bo‘lgan hindistonlik musulmonlar induslarni haqorat qilmasligi va jamiyatda ijtimoiy ixtiloflar kelib chiqmasligi uchun sigir go‘shtini yeyishni bas qilishlari kerak.

«Ular mol go‘shtini yemay qo‘yishsa, musulmon bo‘lmay qolmaydiku, to‘g‘rimi? Hech qayerda islom diniga mansub bo‘lganlar mol go‘shtini iste'mol qilishi kerak deb ko‘rsatilmagan. Bu shuningdek, nasroniylarga ham tegishli», deya ta'kidlab o‘tgan mansabdor shaxs.

Bu bilan Xaryana shtati rahbari joriy yilning 30 sentabr kuni hindular tomonidan mol go‘shti iste'mol qilgan uchun o‘ldirilgan temirchi-musulmon Muhammad Akxlak voqeasi va undan keyin kelib chiqqan janjalga o‘z munosabatini bildirgan, deb yoziladi xabarda.

Lal Kxattarning qayd etishicha, u qotillikni ma'qullamaydi, biroq marhumning muqaddas hayvonga nisbatan shunday munosabatda bo‘lishi natijasida mana shu ko‘ngilsizliklar kelib chiqqan deb hisoblaydi.

Eslatib o‘tamiz, 30 sentabrda bir guruh hindular mol go‘shti iste'mol qilgan temirchini kaltaklab o‘ldirib qo‘yishgan, shundan keyin hududdagi musulmonlar va hindular o‘rtasida kattagina to‘qnashuv yuzaga kelgandi. To‘qnashuv politsiya tomonidan bostirilgan. Uning natijasida 30 nafar fuqaro hibsga olingandi.

Top