21:33 / 16.10.2015
3289

Nursulton Nazarboyev Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi muzokaralari sermahsul o‘tganini ta'kidlab o‘tdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishini ochishi paytida bo‘lib o‘tgan muzokaralarning sermahsulligi va imzolangan hujjatlarning amaliy jihatdan muhimligini ta'kidlab o‘tdi, deb xabar bermoqda Oqo‘rda matbuot xizmati. 

Tadbirda Armaniston prezidenti Serj Sargsyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirok etdi.

Tadbir davomida tomonlar qilingan ishlarga yakun yasashdi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi rivojlanishining yangi istiqbollarini belgilab olishdi. Ittifoqning faoliyati masalalari muhokama qilindi, jumladan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay'ati miqdoriy tarkibi tasdiqlandi, uning ishi tartib-qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi, keyingi yil uchun Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi rahbari nomzodi kelishib olindi. Shuningdek, YeOIIga yangi a'zolar qabul qilinishi va unda a'zolikning tugatilishi tartibi qabul qilindi.

YeOIIga a'zo davlatlar rahbarlari uchinchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish tartibini muhokama qildilar. Shuningdek, Isroil bilan erkin savdo hududi haqida kelishuvni tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qilindi.

Qozog‘iston prezidenti tashabbusi bilan Qozog‘istonning Jahon savdo tashkilotiga kirishi bilan bog‘liq asosiy jihatlar ko‘rib chiqildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘tkazilgan ishlarning samarador bo‘lganini ta'kidlab o‘tishdi.

Kengashning keyingi yig‘ilishi Moskvada joriy yilning dekabrida bo‘lib o‘tadi.

Top