14:58 / 16.10.2015
6109

Qozog‘istonda MDH davlatlari rahbarlarining kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

16 oktabr kuni Qozog‘istonning Bo‘rabay qishlog‘ida MDHga a'zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MDH ijroiya qo‘mitasining sayti orqali xabar qilindi.
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev raisligi ostida o‘tgan uchrashuvda bir qator xalqaro siyosiy va iqtisodiy muammolar muhokama qilindi. Tegishli qaror va kelishuvlar imzolandi.

Xususan, BMT tashkil topishining 70-yilligi hamda xalqaro terrorchilikka qarshi kurash yuzasidan bayonot, shuningdek, Chernobil AESdagi avariyaning 30 yilligi munosabati bilan murojaat qabul qilindi.

Yig‘ilishda davlatlar rahbarlariga MDHda migratsion jarayonlarning huquqiy ta'minoti hamda Parlamentlararo Assambleya faoliyati haqida ma'lumot berildi.

Bundan tashqari, 2016 yili “Hamdo‘stlikning madaniy poytaxtlari” davlatlararo dasturning amalga oshirilishi xususida fikr almashildi.

Yig‘ilish mobaynida 2020 yilgacha MDH davlatlarining harbiy hamkorligi konsepsiyasi tasdiqlandi. Shuningdek, boshqa bir qator tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

MDHga a'zo davlatlar rahbarlari kengashining keyingi yig‘ilishi 2016 yil 16 sentabr kuni Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadi.

Top