14:50 / 16.10.2015
5824

Sobiq ittifoq IBM bosma mashinkalari orqali AQSh diplomatlari ortidan kuzatgan

“Sovuq urush” zamonlarida Sobiq ittifoqning maxsus xizmatlari AQShlik diplomatlar ortidan IBM Selectric bosma mashinkalarida terilgan matn haqida ma'lumot yig‘uvchi, oddiy ko‘zga ko‘rinmaydigan “juchok” orqali kuzatganlar. Bu qurilma, ehtimol, tarixdagi birinchi keylogger (kompyuter klaviaturasida kiritilayotgan axborotni kuzatuvchi dastur, qurilma) sifatida e'tirof etilmoqda. Bu haqda Ars Technica nashri xabar bermoqda.

Sovet maxsus xizmatlarining bunday poylash usuli haqida 2012 yilda AQSh Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) ma'lumot bergan, biroq OAVlar bunga uncha e'tibor berishmagan. Joriy yilning 12 oktabrida bu voqeani shifrlash va xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Bryus Shnayyer yana bir bor eslab o‘tdi.

1976-1984 yillar davomida juchoklar AQShning Moskvadagi elchixonasi va Leningraddagi konsulligida ishlatilgan IBM Selectric bosma mashinkalariga o‘rnatilgan. Hammasi bo‘lib bunday juchok bilan “qurollangan” 16 ta mashinka aniqlangan. Bu mashinkalarda bunday qurilmalarning bir necha avlodi qo‘llangan.

Juchokning ishlash prinsipi bosma mashinkasining yozuvchi kallagining harakatlanishiga asoslangan bo‘lib, matnni terishda bu kallak klaviaturadagi har bir belgini (harf, raqam, tinish belgilarini) kiritish uchun faqatgina bu belgiga xos bo‘lgan ma'lum yo‘nalishda aylanishi kerak bo‘lgan. Keylogger karetka (bosma mashinkaning siljima qismi) harakatidan tarqayotgan magnit energiyani ushlab, uni raqamli signalga aylantirgan.

Har bir olingan signal juchokda to‘rt bitli belgi ko‘rinishida saqlangan. Qurilma bunday 8 ta simvolni saqlashga imkon bergan. Sakkizta simvol olingach, qurilma uni radiochastotalar orqali yaqin orada joylashgan tinglash stansiyasiga jo‘natgan.

MXA mutaxassislarining aytishicha, juchok o‘z zamoni uchun “juda mahorat bilan” ishlangan bo‘lgan: misol uchun, unda bir bit xotira bo‘lgan va o‘sha zamonlardagi birorta ham qurilma bunday xotiraga ega bo‘lmagan. Qurilma tashqaridan sezilmagan, shovqinsiz ishlagan, mashina qismlarga ajratilganda esa go‘yoki uning butlovchi qismidek ko‘ringan.

Juchokni aniqlash hattoki amerikalik maxsus xizmatlar uchun oson ish bo‘lmagan. Uni rentgen nurlanish yorug‘ligida ko‘rish mumkin bo‘lgan, biroq u yuksak radiofonga ega bo‘lmagan, chunki ko‘pincha AQSh televideniyesi ishlatadigan chastotalarda ishlagan. Bundan tashqari, juchokning ilgarilab ketgan versiyalarini radiosignal bo‘yicha kuzatish uchun bir vaqtda mashinkaning o‘zi yoqiq, keylogger faol hamda josuslik qurilmalarini tahlil qiluvchi qurilma kerakli chastotaga sozlangan bo‘lishi kerak bo‘lgan. Maxsus o‘rgatilgan sovet texnigi bunday juchokni mashinkaga yarim soatda o‘rnata olgan.

Biroq juchokning o‘ziga yarasha kamchiliklari ham bo‘lgan. Misol uchun, u faqatgina harf-raqamlarni kuzata olgan, probel, abzats, “orqaga yurish” (backspace) va defis tugmalarini yoza olmagan, chunki bunda yozuvchi kallak harakat qilmagan. Qurilmaning dastlabki versiyalari bir nechta batareyadan doimiy tok bilan quvvatlangan, keyinroq yaratilgan versiyalari esa bosma mashinkaning bevosita quvvatlanish tarmog‘iga ulana olgan.
Ars Technica’ning ma'lumotlariga ko‘ra, juchoklar 8 yil davomida payqalmay kelingan, bu haqda amerikaliklar AQShga ittifoqdosh davlatlardan birining bergan xabari evaziga xabar topganlar: ushbu davlat maxsus xizmatlari o‘zining elchixonalaridan birida shunday kuzatuv olib borilganini bilib qolishgan.

Top