15:09 / 16.10.2015
7043

Xitoy dollar milliarderlari soni bo‘yicha birinchi marta AQShdan o‘tib ketdi

Oxirgi yil ichida Xitoyda dollar milliarderlari soni 242 nafarga ko‘paydi – endi bu davlatda 1 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ga ega bo‘lgan 596 nafar odam yashamoqda. Xitoy ushbu ko‘rsatkich evaziga birinchi marta AQShdan o‘tib ketdi. Hozirda AQSh da 537 nafar milliarder yashamoqda. Bu haqda Xitoyning Hurun tadqiqot instituti o‘tkazgan reytingida aytilmoqda.

Shu bilan birga kontitental Xitoy hamda Gonkong, Tayvan va Makaoni o‘z ichiga oluvchi Katta Xitoyda milliarderlar soni 715 kishini tashkil qildi. Hurun har yili milliarderlarga tegishli aktivlar reytingini 14 avgust kunidagi aksiyalar narxlaridan kelib chiqib tuzadi. Biroq 14 avgustdan keyin Xitoyning eng katta savdo maydonchasi bo‘lgan Shanxay fond birjasida Shanghai Composite indeksi 16 foizga arzonlashdi.

Hurun ma'lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Xitoyning eng badavlat odami Dalian Wanda Group developerlik guruhi egasi Van Tszyanlin hisoblanadi. Uning davlati bir yil ichida 52 foizga o‘sdi va 34,4 mlrd dollarni tashkil qildi. U bunga asosan o‘ziga tegishli kinoteatrlar tarmog‘i aksiyalarining 10 barobar oshishi hisobiga erishdi.

O‘tgan yili reytingga boshchilik qilgan, Alibaba internet-giganti asoschisi Jyek Ma bu yili 2-o‘rinni egalladi. Uning boyligi 22,7 mlrd dollarga baholandi. Maning boyligi bir yil ichida Nyu-York birjasida Alibaba aksiyalari arzonlashishi oqibatida 2,2 foizga kamaydi.

Van, shuningdek, 32,7 mlrd dollarga ega gonkonglik milliarder Li Kashindan ham o‘tib ketdi. Kashin CK Hutchison Holdings kompaniyasi, konteyner terminallari va atir-upa-kosmetika do‘konlariga egalik qiladi. Li Kashin gonkonglik bo‘lgani uchun bu ro‘yxatga rasman kiritilmadi.

Van va Madan keyin reytingning yetakchi beshtaligiga Wahaha ichimliklari ishlab chiqaruvchi korporatsiya boshlig‘i Tszun Tsinxou (21,1 mlrd dollar), Tencent Inc. internet-kompaniyasi asoschisi Ma Xua Ten (18,8 mlrd dollar), “xitoylik Stiv Jobs” deb e'tirof etiladigan, Xiaomi smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyasi asoschisi Ley Tszyun (14,4 mlrd dollar) kirdi.

Xitoy iqtisodiyotining sustlashishiga qaramasdan Hurun tuzgan reytingga 2 mlrd yuandan (315 mln dollar) ko‘proq mablag‘ga ega bo‘lgan 1877 nafar badavlat xitoyliklar kiritildi. O‘tgan yili bunday boyvachcha xitoyliklar soni 1271 nafarni tashkil qilgan edi va bu institut olib borayotgan 17 yillik tadqiqotlar ichida eng katta o‘sish bo‘ldi. Ya'ni bu yilgi ro‘yxatga 680 nafar yangi ism kiritildi.

Reyting ishtirokchilariga tegishli umumiy boylik 2,1 trln dollarni, ya'ni Hindiston yoki Rossiyaning yalpi ichki mahsuloti hajmidan ko‘proqni tashkil qildi. Bu badavlat xitoyliklar 10 mln xitoylikni, ya'ni davlat ishchi resursining 1 foizini ish bilan ta'minlamoqda. O‘tgan yili tadbirkorlarga tegishli kompaniyalar Xitoy byudjyetiga tushadigan jami soliqning 5 foizini, ya'ni 100 mlrd dollar miqdorida soliq to‘lashgan.

Top