15:45 / 17.10.2015
5340

Andijon orqali Qirg‘izistonga olib boruvchi ko‘prik ta'mirlandi

Guliston–Bo‘ka–Angren–Qo‘qon va Andijon orqali qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh shahriga olib boruvchi avtomobil yo‘lining Farg‘ona halqa yo‘li bilan tutashmasi, ya'ni Andijon xalqaro aeroporti ro‘parasidagi transport yechimi, ko‘prik ta'mirlandi. Bu haqda telegraf nashri xabar bergan.

40 yil oldin qurilgan, umumiy uzunligi 420 metr bo‘lgan mazkur ko‘prikning kengligi 12,5 metr bo‘lib, ta'mirdan so‘ng 24 metrga yetkazildi. Jumladan, 912 dona temir-beton qoziqlar qoqildi, 24 juft tayanch ustunlari va rigellar, 175 dona 16,7 pm uzunlikdagi balkalar, 840 pm temir beton g‘ildirak qaytargichlar o‘rnatildi. 1700 m.kub betonlash ishlari bajarildi. 1500 tonna asfalt qoplama yotqizildi. Har ikki yonboshidagi piyodalar yo‘lakchalari yurish uchun qulay holatga keltirildi. Zamonaviy yoritgichlar o‘rnatildi.

Mazkur inshootning umumiy loyiha qiymati 24,3 milliard so‘m qilib belgilangandi. «Ziyo kapital qurilish» MChJ quruvchilari ta'mirlashni 22,4 milliard so‘m qiymatda yakunlashdi.

2013 yilning avgust oyida boshlangan ta'mirlash ishlarining foydalanishga topshirilish muddati shu yilning 15 dekabrida edi. Quruvchilar ta'mirni muddatidan ilgari yakunlab, 1 noyabrda elga tortiq qilishmoqchi.

Top