18:52 / 17.10.2015
10408

The Economist: AQSh va Rossiya Iroq uchun kurashmoqda

Iroq AQShni bir chetga surib, Rossiya bilan kelishuvga bordi hamda u bilan koalitsiyada IShIDga qarshi kurashishni boshlab yubordi. Iroqliklar ko‘p bora ommaviy tarzda Rossiyaning mintaqaga kirishini ijobiy baholadilar. 16 oydan buyon IShIDga qarshi kurashda hech qanday natijaga erisha olmayotgan Iroq armiyasi Rossiya samolyotlaridan foydalangan holda bir qancha yutuqlarni qo‘lga kiritdi.

“AQSh va uning ittifoqchilari hech narsa qilmadi. Mana endi IShIDga qarshi haqiqiy koalitsiya tuziladi”, - dedi iroqlik harbiylardan biri The Economist nashriga bergan intervyusida.

O‘tgan oy oxirida Iroqning Rossiya bilan razvedka ma'lumotlarini almashish haqida shartnomaning imzolashi, nashr kolumnistining fikricha, AQSh uchun navbatdagi yo‘qotish bo‘ldi. Oradan bir necha kun o‘tib, Bag‘dodning AQSh elchixonasi joylashgan “yashil zona”sida Eron va Suriya ishtirokidagi shtab tashkil etildi.

“Amerika urush unga keltirgan yuzlab milliard dollar xarajat va minglab qurbonlardan so‘ng Rossiya sovuq urushdan buyon birinchi marta kutilmagan tarzda Iroqdagi ta'sirini qayta tiklashi mumkinligini qo‘rqinch bilan anglamoqda”, - deb ta'kidlaydi jurnalist.
Iroq bosh vaziri al-Abadiy, o‘zi zaif pozitsiyada turganiga qaramay, Rossiyaga qisman yon bosish yo‘li bilan AQShning ta'sirin kuchsizlantirmoqchi. Axir 2007 yildan buyon AQShning “al-Qoida” va IShIDga qarshi kurashda ko‘rsatayotgan yordami 80 foizga qisqarib ketdi.

“Biz xalqaro koalitsiya ko‘p samolyot yo‘llab, qo‘shinlarimizni havodan qo‘llaydi deb o‘ylagandik. Lekin bunday bo‘lmadi”, - deb tan oldi u bir intervyusida.

Yo‘qotilgan pozitsiyalarini tiklash ilinijida AQSh yana Iroqda minglab odamlarni tayyorlamoqda. U Tehron boshchilik qilayotgan shia frontiga ters o‘laroq sunniy jabhasini yaratishga intilmoqda. Shu bois sunniylarning bir qismi ham ko‘cha aksiyalarida, ham parlament ichida Rossiyaning mintaqaga kelishini keskin tanqid ostiga olmoqda.

“Bizga AQSh bombalarini qaytaring, Rossiyaniki kerak emas!”, - singari shiorlar ilgari surilmoqda.

Kolumnistning xulosasiga ko‘ra, bugungi kunda gap birinchi navbatda Iroq uchun kurash haqida ketmoqda. Asosiy harbiy harakatlar Suriyada davom etayotganiga qaramay, AQSh Iroqdagi ta'sirini Rossiya foydasiga boy berish arafasida turibdi.

Top