16:04 / 17.10.2015
101708

The Mirror o‘quvchilarining 31 foizi o‘zbekistonlik yigitning romantik tanlovini olqishlashdi

Buyuk Britaniyadagi The Mirror nashrida o‘zbekistonlik oshiq yigitning o‘z sevgilisiga dil izhori qilish uchun minglab gul sotib olgani haqida xabar nashr qilindi.

Inglizlar nashri bu haqda 16 oktabr kuni xabar berib, bu xabarga bitta alohida sahifa ajratgan.

"Toshkentlik noma'lum Romeo" o‘z sevgilisiga minglab atirgullardan iborat bo‘lgan ulkan guldasta taqdim etdi. U bu tortig‘ini olib borish uchun evakuatordan foydalandi, guldastani esa evakuatorga mingan to‘rt kishi suyab bordi.

Afsuski, guldasta kirish eshigiga sig‘magani uchun uni uyga olib kirishning iloji bo‘lmadi. Shundan so‘ng gullar qiz yashaydigan bino hovlisiga, u deraza orqali tomosha qilishi mumkin bo‘lgan o‘ringa qo‘yildi", deb yozilgan xabarda.

The Mirror nashri bu guldasta gulchilarning bir necha kun davomida olib borgan harakatlari evaziga yasalgani va uning narxi taxminan 2400 funtga teng ekani haqida yozgan.

Xabar ostida qoldirilgan fikrlarda bu shunchaki pulni bebiliska sarflash ekani qayd etilgan. Fikr bildiruvchilar bu hashamat o‘rniga uzuk sotib olish to‘g‘riroq ekanini ta'kidlab o‘tishgan.

Nashr esa o‘z o‘quvchilari orasida bu voqea bo‘yicha so‘rovnoma tashkil qilgan. O‘quvchilardan oshiq yigitning bu harakati qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani so‘ralgan.

So‘rovda qatnashganlarning 69 foizi bu ishni telbalarcha qiliq, deya hisoblagan, 31 foiz o‘quvchi esa bu tanlovni "ertaknamo romantika", deya baholagan.

Top