09:20 / 17.10.2015
12591

Tojikiston Markaziy Osiyoda aholisi me'yorida ovqat yemaydigan eng yomon davlat deb tan olindi

Welthungerhilfe va Concern Worldwide insonparvarlik tashkiloti hamda Oziq-ovqat siyosati tadqiqotlari xalqaro instutitutining yangi chop etilgan “Dunyo ochlik indeksi” (World Hunger Index 2015) hisobotida Tojikistonda aholi me'yorida ovqat yemaslik darajasi 2005 yildagi 36,5 foizdan 2015 yildagi 30,3 foizga qisqargani aytilmoqda.

Xuddi shunday me'yorida ovqat yemaslik darajasi Gvineya-Bissau va Ruandada qayd qilindi. Bu davlatlar Tojikiston bilan birga 104 ta davlat kiritilgan ushbu hisobotda 82-o‘rinni bo‘lishmoqda. Oxirgi o‘n yil ichida Tojikistonda me'yorida ovqat yemaslik darajasi 5 foizga qisqarganiga qaramasdan, mamlakat Markaziy Osiyoning eng “och” davlati bo‘lib qolmoqda.

Ushbu reytingning yuqori o‘ntaligidan Kuvayt (5 foiz), Saudiya Arabistoni (5,1 foiz), Turkiya (5,1 foiz), Slovakiya (5,2 foiz), Ruminiya (5,3 foiz), Tunis (5,6 foiz), Urugvay (5,6 foiz), Iordaniya (5,8 foiz), Makedoniya (5,9 foiz), Livan (6,2 foiz) davlatlari joy olgan. Bu davlatlarda aholi o‘rtasida me'yorida ovqat yemaslikning eng kam darajasi qayd etilgan.
Ushbu reytingning, aksincha eng oxirgi, ya'ni 93-104-o‘rinlarini (o‘sib borish tartibida) Pokiston (33,9 foiz), Yaman (34,2 foiz), Niger (34,5 foiz), Afg‘oniston (35,4 foiz), Madagaskar (36,3 foiz), Gaiti (37,3 foiz), Serra-Leone (38,9 foiz), Sharqiy Timor (40,7 foiz), Zambiya (41,1 foiz), Chad (46,4 foiz), Markaziy Afrika Respublikasi (46,9 foiz) egallamoqda.

Markaziy Osiyoda me'yorida ovqat yemaslik darajasi eng past ko‘rsatkichi Qozog‘istonda qayd qilindi (8 foiz, 16-o‘rin). Undan keyin Qirg‘iziston (9,4 foiz, 27-o‘rin), Turkmaniston (12,9 foiz, 40-o‘rin) va O‘zbekiston (13,3 foiz) kelmoqda.

Qirg‘iziston Ozarbayjon, Bosniya va Gertsegovina, Braziliya, Xorvatiya, Latviya, Mongoliya, Peru va Venesuela bilan birga o‘z fuqarolarining me'yorida ovqat yemaslik darajasini eng ko‘p qisqartirgan 10 davlatdan biri bo‘ldi. Qayd etilishicha, Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich oxirgi o‘n yil ichida 14,3 foizdan 9,7 foizga kamaygan.

Hisobotda 52 ta davlat, ular qatorida Tojikiston ham bor, ocharchilikning jiddiy va xavotirli yuqori darajasini namoyon qilmoqda. Bu borada eng yuqori daraja Janubiy Osiyo va Sahroi Kabirdan janubga tomon joylashgan Afrika davlatlarida kuzatilmoqda.

Hisobotda, shuningdek, dunyoda har to‘rtinchi bola ochlik tufayli rivojlanishda ortda qolayotgani, barcha bolalarning 9 foizi oriqlab ketishdan aziyat chekayotgani ta'kidlanmoqda.

Top