12:12 / 18.10.2015
10058

Latviya matbuoti: O‘zbekiston mutlaq energetik mustaqillikni ta'minlamoqda

Latviyada faoliyat yuritadigan xalqaro The Baltic Course va “Otkrytyy gorod” jurnallarining elektron portallarida O‘zbekistonga bag‘ishlangan materiallar chop etildi.
The Baltic Course jurnalisti mamlakatda investitsion iqlimni yaxshilash yo‘lida ko‘rilayotgan choralar o‘tgan yili 4.5 mlrd dollar miqdoridagi mablag‘larni chetdan jalb qilish imkonini berganligini ta'kidlab o‘tdi.
“Bugungi kunda O‘zbekistonning raqobatbardoshligi va ustunligini xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan mingdan ortiq korxonalar baholash imkoniga ega bo‘ldilar. Ular orasida butun dunyoga mashhur General Motors, MAN, Knauf, Itochu, Rieter, Klaas, Nestle, Coca-Cola, Kogaz, Sasol, Ariston, CNPC, Indorama, Gazprom, Lukoil, LG, Lotte, Sumitomo, Korea Telecom singari korporatsiyalar bor”, - deyiladi materialda.
Shuningdek, muallif mamlakatda siyosiy va makroiqtisodiy barqarorlik hukm surayotganini ta'kidladi. Xususan, keyingi 11 yil davomida O‘zbekistonda YaIM o‘sishi muntazam ravishda 8 foizdan oshayotganligi misol tariqasida keltirildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston dunyodagi energetik mustaqillikka erishgan kamdan-kam mamlakatlardan biri ekanligi ta'kidlandi.
“Respublika gaz, neft, ko‘mir va uran zaxiralari bo‘yicha kuchli o‘nlikka kiradi, - deydi jurnalist. – Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr quvvati rivojlangan mamlakatlarda sanoat ist'yemolchilari to‘laydigan o‘rtacha narxdan 4 barobar arzondir”.
“Otkrytyy gorod” jurnalining materialida esa O‘zbekiston mintaqadagi eng diversifikatsion iqtisodiyotga ega ekanligi ta'kidlandi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda faqat O‘zbekistonda yengil avtomashinalar, yuk mashinalari va qishloq xo‘jalik texnikasi ishlab chiqarilishi eslatib o‘tildi.
Shuningdek, mamlakatning asosiy ustunliklaridan biri aholining ko‘pligi, aholi orasida mehnatga layoqatli yoshlar ko‘pchilikni tashkil etishi aytib o‘tildi.

Manba: jahonnews.uz

Top