21:21 / 19.10.2015
2423

Yevropa tashqi faoliyat xizmati bosh kotibi: “Biz Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni boyitish va rivojlantirishni rejalashtirmoqdamiz”

Avvalroq ma'lum qilingandek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida vazir Abdulaziz Komilov va Yevropa tashqi faoliyat xizmati (YeTFX) bosh kotibi Alen Le Rua o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra ishtirokchilar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbollari borasida o‘zlarining fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.

“Biz bu uchrashuvdan juda xursandmiz. Men O‘zbekistonga Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekistonga qiziqishi kattaligini ko‘rsatish niyatida YeTFX bosh kotibi sifatida keldim.
Men bugun O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdim. Biz munosabatlarni boyitish va rivojlantirishni rejalashtirmoqdamiz. Biz O‘zbekiston bilan iqtisodiyot, siyosat sohasi hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash masalalari bo‘yicha suhbat olib borishga tayyormiz”, deb aytdi Alen Le Rua.

“Ushbu tashrif Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning bosqichma-bosqich rivojlanayotganidan darak beradi. Tashrif kun tartibidagi ikki va ko‘p tomonlama bir qator masalalar bo‘yicha hamkorligimizni chuqurlashtirish va kengaytirishga yangi imkoniyatlar ochadi”, deb aytdi YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Yuriy Shterk.

Top