18:46 / 19.10.2015
6263

Juma mav'izalari to‘plamlarining 7-8-fasli taqdim etildi

Imonni mustahkamlaydigan omillardan biri ilmdir. Ma'rifatga tashna insonning qalbi hamisha ezgulikka oshno bo‘ladi. Oliy saodatdan umidvor har bir mo‘min qilayotgan amalining to‘g‘ri bo‘lishiga e'tibor beradi. Bu yo‘lda ulamolarning boy ma'naviy merosi o‘ziga xos ahamiyatga ega.

Shu o‘rinda, Toshkent shahar Shayxontohur tumani bosh imomi, “Shayx Zayniddin” jome' masjidi imom-xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li muallifligidagi bir necha kitoblar, audio-video to‘plamlari va rang-barang maqolalarning o‘rnini ham e'tirof etish joiz.

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘lining 2013 yildagi juma ma'ruzalari asosida DVD formatda “Juma mav'izalari”ning 7-8-fasllari taqdim etilmoqda. Mazkur to‘plamlardan eng dolzarb, qalbimizni ziyoga to‘ldiruvchi mavzular o‘rin olgan. Jumladan, yetinchi faslda insonning eng yaxshi sifatlaridan bo‘lmish rostgo‘ylik haqidagi “Rostgo‘ylik – buyuk fazilat”, payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning tavalludlari haqidagi “Mavludi sharif”, shuningdek, “Ulug‘ zotga ehtirom” va eng oliy ne'mat bo‘lmish tinchlik-xotirjamlik haqidagi “Tinchlik va osoyishtalik – oliyne'mat” kabi mavzular bayon etilgan.

Sakkizinchi faslda esa, ertamiz egalari bo‘lmish bolalar salomatligining ahamiyati to‘g‘risidagi “Sog‘lom bola – kelajagimiz tayanchi”, bugungi davrimizdan keng quloch yoygan turli fitnalar tahliliga bag‘ishlangan “Fitnadan ehtiyot bo‘laylik”, inson uchun g‘oyat qadrli bo‘lgan vaqt qadri haqidagi “Vaqtni qadrlaylik”, shuningdek, insoniyat boshiga mislsiz balolar yog‘dirayotgan narkomaniya, odam savdosi, OITS va OIV, terrorizm kabi illatlarga bag‘ishlangan “Asr illatidan saqlaning” kabi dolzarb mavzulardagi ma'ruzalardan bahramand bo‘lasiz.

Juma mav'izalarini Chorsu bozori yaqinidagi Ko‘kaldosh madrasasi yonida joylashgan “Ixlos” do‘konidan xarid qilishingiz mumkin.
Murojaat uchun telefon: 8 371 244-44-07

“Shayx Zayniddin” jome' masjidi matbuot xizmati

Top