19:34 / 19.10.2015
3931

NATO oxirgi 13 yil ichidagi eng katta ko‘lamli strategik dala mashg‘ulotlarini boshlamoqda

NATO oxirgi 13 yil ichidagi eng katta ko‘lamli Trident Juncture – 2015 strategik dala mashg‘ulotlarini boshlamoqda.

Bu haqda Italiyaning Sitsiyaliya orolida NATO bosh kotibi o‘rinbosari Aleksander Vershbou mashg‘ulotlarning dala bosqichi ochilish marosimidagi nutqida aytib o‘tdi.

“Mashg‘ulotlar barcha xavf turlari – oddiy jangovor harakatlardan gibrid urush va tashviqotgacha bo‘lgan xavflarga NATOning javob berishga qodirligini namoyish qiladi”, deb aytdi Vershbou.

Trident Juncture – 2015 ikki bosqichdan iborat bo‘lib, qo‘mondon-shtab mashg‘ulotlari 3-16 oktabrda bo‘lib o‘tdi, dala mashg‘ulotlari 21 oktabrdan 6 noyabrgacha bo‘lib o‘tadi. Mashg‘ulotlarning shtab qismi NATOning Kanada, Norvegiya, Germaniya, Belgiya va Niderlandiyadagi qo‘mondonlik va nazorat tuzilmalarida bo‘lib o‘tdi. Dala mashg‘ulotlari esa Italiya, Ispaniya, Portugaliya va O‘rta Yer dengizining g‘arbiy qismida bo‘lib o‘tadi. Bu mashg‘ulotlarda 30 ta davlatdan, shu jumladan NATOga kirmaydigan Astriya va Shvetsiyadan 36 ming kishi, 140 ta samolyot va 90 ta suv osti va suv usti kemasi ishtirok etadi.

NATOning bunday katta ko‘lamdagi mashg‘ulotlari oxirgi marta 2002 yilning martida Strong Resolve nomi bilan o‘tkazilgan edi, ularda 40 mingga yaqin harbiy ishtirok etgan va NATOning AQShning Afg‘onistondagi operatsiyasiga qo‘lishishi oldidan “bosh repetitsiya” sifatida tashkil etilgan.

Top