07:29 / 19.10.2015
15852

Xitoy AQShni chetga surib qo‘ymoqda

Britaniyaning Standard Chartered banki tahlilchilarining aytishicha, AQShning so‘zsiz iqtisodiy hukmronligi poyoniga yetmoqda.

Xitoy AQShni iqtisodiy yetakchi mavqeidan mahrum qilishga qodir. Xalqaro savdoda tovarlar uchun narxlar dollarda belgilanadi, biroq bozorning katta qismi yaqin orada yuanda hisob-kitob qilishga o‘tishi mumkin. Xitoy tomonidan xomashyoga yuqori talab bunday mahsulotlarning katta qismi sekin-asta xitoy yuanlarida narxlanishiga olib kelmoqda. 

Xitoyning dunyo savdosidagi ulushi o‘sib borayotgani sababli Xitoy yaqinda amerikacha modelga asoslangan yangi to‘lovlar tizimini kiritdi. Endilikda Pekin va Shanxay orqali moliyaviy oqimlarning katta qismi o‘tadi, bu Xitoy banklariga hozirda AQSh dunyo moliyaviy tizimi ustidan ega bo‘lgan hukmronlikni beradi.  

Xitoy iqtisodiyoti oldinga harakat qilishda davom etmoqda. Standard Chartered iqtisodchilarining fikricha, Xitoyning hozirgi o‘sishdagi sekinlashishiga qaramasdan, mamlakat 2010-2020 yillar davomida yalpi ichki mahsulotini 2 barobarga ko‘paytirib oladi.   

Bankning Yevropadagi bo‘limi boshlig‘i Richard Xolms bu borada quyidagi fikrlarni keltirib o‘tdi: “Bugungi kunda AQSh hisobiga dunyo eksportining 10 foizi to‘g‘ri keladi, biroq 80 foizdan ko‘proq eksport dollarda amalga oshiriladi va mening fikrimcha, vaziyat yaqin orada yuan foydasiga o‘zgarishi kerak, bu esa Amerika hukmronligining tugagani anglatadi. Hozirning o‘zidayoq yuan global savdoda ishlatilish bo‘yicha ikkinchi raqamli valyuta hisoblanadi, vaholanki 5 yil avval undan hech kim foydalanmasdi. Xitoyning dunyo iqtisodiyotidagi ahamiyati ortgan sari, dunyo ko‘proq muvozanatlashib boradi”. 

London metallar bozori mijozlarga yuanlarda baholdangan operatsiyalarni taklif qila boshladi, bu esa Xolmsning fikricha, dunyo iqtisodiyotidagi katta ko‘lamli o‘zgarishlarga start berishi mumkin.

Xitoy iqtisodiy qudratining oshishi va dollar o‘rniga yuan ishlatilishi ko‘lamining ortishi Pekinning siyosiy vaznini oshirishi mumkin.

Dollardagi hisob-kitoblar Nyu-York orqali o‘tgani uchun AQSh xalqaro tranzaksiyalar uchun o‘z qoidalarini o‘rnatib, bu qoidalarga boshqa davlatlar banklarini bo‘ysundirib olgan. Xitoy valyutasi nufuzi oshgani sari Pekin shunday hukmronlikni o‘z qo‘liga olishi mumkin.

“Men aminmanki, Rossiya xitoyliklarga dollarga emas, balki yuanga neft eksport qilishdan juda xursand bo‘ladi”, deb aytmoqda Xolms.

Standard Chartered mutaxassislarining fikricha, Xitoyning iqtisodiy o‘sishi sekinlashganiga qaramasdan, Xitoy iqtisodiyoti o‘sishi sur'atlari yiliga 5-7 foiz darajasida saqlanmoqda, bu esa rivojlanayotgan bozorlarni rag‘batlantiradi.

Bankning katta iqtisodchisi Jimmi Yangning fikricha, dunyo iqtisodiyotining o‘sishi bugungi kundan 2030 yilga qadar 70 foizga rivojlanayotgan bozorlar hisobiga ta'minlanadi. 2030 yilga qadar bunday bozorlarning dunyo YaIMdagi ulushi 60 foizdan ko‘proqqa oshadi, vaholanki 2010 yilda bu ulush 40 foiznigina tashkil qilgan.

Top