12:35 / 19.10.2015
2670

XXR raisi Britaniyaga tashrifi chog‘ida “Manchester Siti” jamoasi bazasiga tashrif buyuradi

Avval xabar qilinganidek, 19 oktabr kuni XXR raisi Si Tszinpin turmush o‘rtog‘i Pen Liyuan hamrohligida to‘rt kunlik rasmiy tashrif bilan Britaniyaga yo‘l oladi.

23 oktabrgacha davom etadigan rasmiy safar doirasida Si Tszinpin Manchester shahrida bo‘lib, Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron bilan birgalikda “Manchester Siti” futbol jamoasi bazasiga tashrif buyuradi.

"Kun tartibiga muvofiq, 22 oktabr kuni Si Tszinpin o‘zi muxlislik qiladigan Manchester Sity futbol jamoasini borib ko‘radi", deyiladi xabarda.

XXR raisi Reyter agentligiga bergan intervyusida Xitoy va Britaniyaning futbol sohasidagi hamkorligiga yuqori baho bergan.

“2013 yilda britan Premer Ligasi va Xitoy Superligasi hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolagan edi, Devid Bekxem esa Xitoydagi yoshlar futbol dasturi elchisi etib tayinlangandi”, -deya eslab o‘tdi Si Tszinpin.

O‘tgan sentabr oyida ikki mamlakat vakillari bo‘lg‘usi futbol yulduzlarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi.

Xitoy yetakchisi so‘zlariga ko‘ra, kelgusi 20 yil ichida mamlakatdagi 20 mingta maktabda futbol bo‘yicha o‘quv dasturi joriy etilib, bu ikki davlat o‘rtasida o‘yinchilar, murabbiylar va futbol hakamlari tayyorlashda hamkorlik qilish uchun ulkan salohiyat hisoblanadi.

Top