14:08 / 20.10.2015
4634

Isroil restorani bir stolda o‘tirgan yahudiy va arablar uchun chegirmalar taklif qilmoqda

Isroildagi Hummus Bar restorani bitta stol atrofida o‘tirib ovqatlangan yahudiy va arablar uchun chegirmalar taklif etmoqda. The Times Of Israel xabar berishicha, muassasa rahbariyati mamlakatda millatlararo keskinlik kuchaygan vaziyatda ahillikda yashash tamoyillarini shu yo‘l bilan targ‘ib etishmoqchi.

Restoran Netaniya shahri yaqinidagi Kfar-Vitkin moshavida joylashgan bo‘lib, yahudiy va arablar birga o‘tirgan stollarda no‘xotli pastaning har bir porsiyasi uchun 50 foizlik chegirma taklif etiladi. Hummus Bar o‘z reklamasida xumus va falafel singari taomlarni iste'mol qilishlari mumkinligini ham aytib o‘tdi.

Shuningdek, mehmonlarga, ular qaysi din vakili bo‘lishidan qat'i nazar, bepul qo‘shimcha xumus olishlari mumkinligi keltirildi.

Restoran vakillarining so‘zlariga ko‘ra, aksiya o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Top