23:07 / 20.10.2015
1847

Istomin va Buriy juftligi “Kreml Kubogi” turnirini birinchi o‘yindan keyinoq tark etdi

19 oktabr kuni Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida tennis bo‘yicha “Kreml Kubogi” turnirining asosiy to‘r bahslari boshlangandi. Mukofot jamg‘armasi 771,525 AQSh dollarini tashkil etuvchi ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston vakili Denis Istomin ham ishtirok etmoqda.

20 oktabr kuni juftlik musobaqalarida o‘z sherigi Aleksandr Buriy bilan birgalikda ishtirokini boshlagan Istomin Rossiya vakillari Aslan Karatsev va Daniil Medvedevga qarshi bahs o‘tkazib, 6:3, 6:7 (2), 1:10 hisoblarida mag‘lub bo‘lgan.

1 soatu 17 daqiqa davom etgan bu bahsda Aslan va Daniil 2ta eys va 2ta breyk amalga oshirgan. O‘z navbatida Istomin va Buriy bir marta qo‘shxatoga yo‘l qo‘yishgan.

O‘zbekistonning birinchi raketkasi Denis Istomin yakkalik bahslarining ilk davrasida Alyaj Bedenega qarshi kortga chiqadi. Asli sloveniyalik bo‘lgan 26 yoshli Bedene hozirda Buyuk Britaniya sharafini himoya qilyapti. Taqqoslash uchun, Istomin dunyo reytingida 53, Bedene esa roppa-rosa 50-o‘rinni egallab turibdi.

Agar Denis Alyaj to‘sig‘idan muvaffaqiyatli o‘tib olsa, ikkinchi davrada turnirning birinchi raketkasi Marin Chilichga qarshi bahs olib boradi. Dunyo reytingida 14-o‘rinni band etgan xorvatiyalik tennischi turnirning birinchi raketkasi bo‘lish bilan birga amaldagi musobaqa g‘olibi hamdir.

“Kreml Kubogi-2015” g‘olibi 127 ming dollar mukofot puli hamda 250 reyting ochkosiga ega bo‘ladi. Finalchi esa 66,900 dollar va 150 reyting ochkosi bilan taqdirlanadi. Birinchi davrada ishtirok etgan har bir tennischi natijadan qat'iy nazar o‘z hamyonini 7,210 dollarga boyitib oladi. Lekin mag‘lubiyatga ochko berilmaydi.

Top