08:23 / 20.10.2015
2502

Oliy Majlisda Fransiya parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2015 yilning 19 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Fransiya Milliy Assambleyasidagi “Fransiya-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Filipp Mene boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar bergan.

Muzokara davomida mehmonlarga O‘zbekistonning ikki palatali parlamenti faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berildi. Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” barqaror rivojlanishga xizmat qilayotgani alohida ta'kidlandi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ko‘plab sohalar qatori parlamentarizm yo‘nalishida ham izchil rivojlanib borayotgani, ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlashda parlamentlararo hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2010 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston – Fransiya” do‘stlik guruhi tashkil etildi.

Fransiya vakillari mamlakatimizda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlarning faol ishtirokchisi hisoblanadi. O‘z o‘rnida, Oliy Majlis vakillari ham Fransiyada o‘tadigan xalqaro tadbir va ikki tomonlama uchrashuvlarda muntazam qatnashadi.

Delegatsiya a'zolari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va demokratik islohotlar ijobiy baholandi. Shuningdek, ular mamlakatda olib borilayotgan siyosatni, chunonchi, barcha millat vakillarining munosib hayot kechirishlari uchun zarur shart-sharoit yaratilganini qo‘llab-quvvatlashdi.

O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, saylov qonunchiligidagi islohotlar va jarayonlar yuqori baholandi.

Ta'kidlab o‘tilganidek, O‘zbekiston Respublikasining bu boradagi tajribasi Fransiya tomoni uchun dolzarb ahamiyatga ega.

O‘z navbatida, mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi bilan mustahkam aloqalar samarali davom etishi har ikki tomon uchun foydali ekanligini alohida ta'kidlashdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga doir masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Top