20:46 / 21.10.2015
2762

Istomin "Kreml Kubogi"ining yakkalik bahslaridagi ishtirokini g‘alaba bilan boshladi

O‘zbekistonning birinchi raketkasi Denis Istomin Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida davom etayotgan tennis bo‘yicha “Kreml Kubogi” turnirining yakkalik byuahslaridagi ishtirokini boshladi. Turnirning mukofot jamg‘armasi 771,525 AQSh dollarini tashkil etadi.

Istomin bugun yakkalik bahslarining ilk davrasida Alyaj Bedenega qarshi kortga chiqdi. Asli sloveniyalik bo‘lgan 26 yoshli Bedene hozirda Buyuk Britaniya sharafini himoya qilmoqda. Taqqoslash uchun, Istomin dunyo reytingida 53, Bedene esa roppa-rosa 50-o‘rinni egallab turgandi.

Uchrashuv Istomin ustunligida o‘tdi va u 6:3, 6:3 hisobida zafar quchdi.

"Olamsport.som" nashri xabariga ko‘ra, endi Istomin ikkinchi davrada turnirning birinchi raketkasi Marin Chilichga qarshi bahs olib boradi. Dunyo reytingida 14-o‘rinni band etgan xorvatiyalik tennischi turnirning birinchi raketkasi bo‘lish bilan birga amaldagi musobaqa g‘olibi hamdir.

“Kreml Kubogi-2015” g‘olibi 127 ming dollar mukofot puli hamda 250 reyting ochkosiga ega bo‘ladi. Finalchi esa 66,900 dollar va 150 reyting ochkosi bilan taqdirlanadi. Birinchi davrada ishtirok etgan har bir tennischi natijadan qat'iy nazar o‘z hamyonini 7,210 dollarga boyitib oladi.

Top