07:48 / 21.10.2015
2769

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti: Liviya va Tailand yo‘l-transport hodisasidagi o‘limlar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda

Liviya yo‘l-transport hodisasida sodir bo‘lgan o‘limlar soni bo‘yicha 1-o‘rinni, 2-o‘rinni Tailand egallamoqda. Bu haqda Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) har yilgi yo‘l xavfsizligi hisobotida aytilmoqda. Bu hisobot tashkilotning saytida chop etilgan.  

Rasmiy statistika bo‘yicha, Liviyada har 100 ming kishiga yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lganlar soni 73,4 kishini tashkil qiladi. Tailandda bu ko‘rsatkich har 100 ming kishiga 36,2 kishini tashkil qiladi. Tailanddan keyin ro‘yxatda 9 ta Afrika davlati va Eron kelmoqda, ularda YTHda halok bo‘lganlar soni har 100 ming kishiga 31-35 nafarni tashkil qilmoqda.   

Liviyada yo‘llardagi o‘limlarning yuqori ko‘rsatkichi avtomobillarning past darajadagi texnik holati va harbiy harakatlar natijasida yo‘llarga va yo‘llardagi intizomga putur yetgani bilan bog‘liq bo‘lmoqda. 6 mln aholiga ega Liviyada har yili yo‘llarda 4554 kishi halok bo‘ladi.  

Tailandda yo‘llardagi o‘limlarning yuqori ko‘rsatkichi esa qonunlarning ijro etilishi va yo‘l xavfsizligi qoidalarini bajarishning past standartlari hamda harakat xavfsizligi va yo‘l qurilishi nazorati borasida qonunchilikning yetarlicha emasligi bilan shartlangan. JSSTning fikricha, Tailand Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan rasmiy ma'lumotlar pasaytirib ko‘rsatilgan (bir yilda 14059 o‘lim), asl raqamlar esa 67 mln aholiga ega Tailandda 24237 gacha o‘limni tashkil qilishi mumkin.     

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda YTHda har yili 1 mln 250 ming kishi halok bo‘ladi. 

Top