11:19 / 21.10.2015
91413

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 26 yil to‘ldi

Bugun «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganiga 26 yil to‘ldi. 

O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida Prezident Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida davlat tiliga huquqiy maqom berish masalasi kun tartibiga qo‘yildi va 1989 yil 21 oktabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi alohida qonuni qabul qilindi.

Har yili 21 oktabr yurtimizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida keng nishonlanadi. Bu yil ham turli jamoat muassasalarida, maktablarda, kutubxonalarda, klinikalarda tegishlicha tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Qonunga asosan eng muhim qadriyatlardan biri hisoblangan til qonun darajasida huquqiy asosga ega bo‘ldi. Bu qonun bilan o‘zbek millatining ma'naviyatini, ruhiyatini, qadrini ko‘rsatadigan muhim omil, ya'ni tilning maqomi huquqiy mustahkamlandi. Mazkur huquqiy asos orqali yangi shakllanayotgan davlatning, hukumatning, uning yangi rahbarining elga, yurtga nisbatan e'tibori, ehtiromi namoyon etildi.

Til har bir millatning ulkan boyligi, benazir qadriyati va bebaho mulki hisoblanadi. Har bir xalq, har bir elat, o‘zi hurmat va ehtirom qiladigan tilga ega. Tilda ana shu tilning ijodkori bo‘lgan xalq, elatning tarixi va madaniyati aks etadi. Ayni zamonda, til ijtimoiy taraqqiyotda ulug‘vor ahamiyat kasb etadi. Til – har bir millat o‘zligining ajralmas belgisidir.

O‘zbek tili – O‘zbekiston Respublikasi aholisining mutlaq ko‘pchiligi bo‘lmish o‘zbek xalqining ona tilidir. U O‘zbekiston birligi va yaxlitligi, jamiyat jipsligining muhim omili hisoblanadi. O‘zbek xalqining, uning milliy madaniyati va o‘ziga xosligini ifoda etuvchi vosita bo‘lmish o‘zbek tilining har tomonlama rivojlanishini ta'minlash, mazkur tilning davlat tili maqomidek salohiyatini izchil va to‘liq ro‘yobga chiqarish muhim vazifadir.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda o‘zbek adabiy tilini rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Buning natijasida o‘zbek tili davlat tili, davlat ramzi, milliy madaniyat va ma'naviyatni ifodalovchi hamda ularni kelajak avlodga yetkazuvchi muhim muloqot vositasi darajasiga ko‘tarildi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Turli darajadagi rasmiy uchrashuvlar, muzokaralarda tilimiz keng qo‘llanilayotgani, xorijdagi ko‘plab universitetlar, ilmiy muassasalarda o‘zbek tili markazlari tashkil etilib, ularda ona tilimizni o‘rganishga qiziquvchilar safi tobora ortib bormoqda.

O‘zbekistonda nafaqat o‘zbek tili, balki boshqa millat va elatlarning tillari, urf-odatlari hurmat qilinishi milliy qonunchiligimizda aks etgan. Uning amaliy isbotini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasidagi quyidagi norma misolida ko‘rish mumkin: «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi».

«O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida qayd etilishicha, davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o‘zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi. Davlat o‘zbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini ta'minlaydi, shu jumladan, unga hamma e'tirof qilgan ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-siyosiy atamalarni joriy etish hisobiga ta'minlaydi. Bu orqali davlat o‘zbek tilini asrash, boyitish va rivojlantirishda mas'ullikni o‘z zimmasiga olgan. Shu asosda yurtimizda o‘zbek tilining boyitish va takomillashtirishga doir ko‘plab ilmiy izlanishlar, loyihalar olib borilmoqda, turli sohalarga oid lug‘atlar, ilmiy risolalar muntazam nashr etilmoqda. Ayni paytda mamlakatimizdagi barcha nashriyot matbaa-ijodiy uylari tomonidan ona tilimizning jozibasini bor bo‘y-basti bilan namoyon etishga doir nashrlar chop etilib, kitobxonlar e'tiboriga havola etilayotganini alohida qayd etish lozim.

Shuningdek, yuqoridagi Qonunning 8-moddasida O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinishi va e'lon qilinishi belgilangan. Mazkur norma «Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida»gi Qonun 26-moddasining to‘rtinchi qismida yanada aniqlashtirilgan. Unga asosan, «qonun loyihasi va unga ilova qilinadigan hujjatlar qonunchilik tashabbusi huquqi sub'yektlari tomonidan Qonunchilik palatasiga davlat tilida kiritiladi». Ushbu normalarning ijrosi amalda ta'minlanayotganini hozirgi kunda Qonunchilik palatasiga kirtitilayotgan qonun loyihalari misolida yoki Oliy Majlisda qabul qilinayotgan qonunlar o‘zbek tilida qizg‘in muhokama etilayotganligida ko‘rish mumkin.

Top