10:00 / 21.10.2015
3106

Toshkentda iste'molchilarning pullarini o‘zlashtirib kelgan elektr korxonasi xodimi qo‘lga olindi

Toshkentda iste'molchilarning pullarini o‘zlashtirib kelgan elektr korxonasi xodimi qo‘lga olindi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.

1984 yilda tug‘ilgan Orif Zohidov 2008 yildan buyon tuman elektr tarmoqlari korxonasi nazoratchi lavozimida ishlab kelgan. Shu vaqt ichida u ko‘plab iste'molchilarni aldab kelgani aniqlandi.

Zohidov quyidagi sxema bo‘yicha ishlagan: elektron hisoblagichlarning ko‘rsatkichlarini ko‘pirtirib ko‘rsatib, iste'molchilarni qo‘rqitgan, kattakon jarimaga tortilishi aytgan. So‘ng “ishni yengillatib berish” bahonasida undan pul olgan va hisoblagich ko‘rsatkichlarini o‘zgartirib bergan, tegishli hujjatlarga soxta ma'lumotlar kiritgan.

Jumladan, shu yil boshida Nigina No‘monovaning uyiga tashrif buyurib, uning davlatdan 1.5 mln so‘m qarzi borligini aytgan, “masalani hal qilish” uchun 150 dollar so‘ragan. Uning harakatlari noqonuniyligi tushungan ayol tegishli idoralarga murojaat qilgan. Natijada Orif Zohidov undan 150 dollar olayotganida jinoyat ustida ushlangan.

Top