Xitoy kommunistik partiyasi davlat xizmatchilarining xulq-atvori to'g'risidagi qoidalarni kuchaytirdi. Endilikda korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida amaldorlarga ko'p taom iste`mol qilish va golf o'ynash taqiqlandi, deya xabar berdi Reuters.

Yangi cheklov davlat xizmatchilari uchun xulq-atvori kodeksidan o'rin olib ulgurdi. Endilikda mazkur qoida partiyaning barcha 88 million a`zosiga tarqatiladi. “Partiya a`zolari jamiyat manfaatlarini o'z shaxsiy qiziqishlaridan ajratishi, jamoatchilik manfaatlarini birinchi o'ringa qo'yishi va jonbozlik bilan mehnat qilishi lozim”, - deyiladi xulq-atvori kodeksida.

Taomdan o'zini tiya olmaslik va ichkilikbozlik ustav qoidalarining buzilishi deb hisoblanadi. Golf o'yini taqiqi esa ko'pchilik tomonidan amaldor shaxslar aynan mazkur o'yin vaqtida noqonuniy kelishuvlarni amalga oshiradi, degan fikrdaligi bois kiritildi.
Qayd etish joizki, Xitoy hukumati 2004 yildayoq yangi golf maydonlari qurilishini taqiqlagan edi.

2012 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Xitoy yetakchisi Si Tszinpin darhol korrupsiyaga qarshi kurashni jadallashtirgan edi. O'nlab yirik mansabdorlar poraxo'rlik aybi bilan hibsga olindi.