21 oktabr kuni Germaniyaga tashrif buyurgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu kansler Angela Merkel bilan birgalikda Falastin-Isroil inqirozini muhokama qilishgan. Bu haqda ularning Berlindagi uchrashuvidan keyin NTV telekanalida xabar qilingan.
Netanyahu Germaniyaga safarini 2 haftaga kechiktirishga majbur bo‘ldi. Bunga Iordan daryosi g‘arbida va Quddusda sodir etilayotgan teraktlar sabab bo‘ldi. Falastinliklarning tez-tez isroilliklarga hujum uyushtirishi oqibatida oktabr oyi boshidan buyon 9 nafar isroillik halok bo‘lgan, 50 nafarga yaqini jarohatlangan.
Merkel bu muammo bo‘yicha munosabat bildirar ekan, Isroil o‘z fuqarolarini himoya qilishga haqli ekanini, lekin Falastin bilan tinchlik sulhi tuzilishi kerakligini ta'kidlagan.